Isrofgarchilikning oldini olishga xizmat qilayotgan loyiha

To‘y - yillar davomida yaxshi niyat, orzu-havas bilan orzuqib kutiladigan, qavmu-qarindoshlar, yoru-do‘stlar jam bo‘lib, shodu-xurramlikda o‘tkaziladigan tadbir. Biroq, ma’naviy qadriyatimizning bir bo‘lagi, orzu-havaslarimizning ko‘zgusi bo‘lgan to‘ylarimizning bugun milliy taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan illatga aylanib borayotgani achinarli.

Keyinggi paytda to‘y bilan bog‘liq qadim an’analarimiz qatoriga ayrim bema’ni urflar, rasm-rusumlar ham qo‘shildiki, ular to‘ylarimizda haddan ziyod dabdaba va isrofgarchiliklarga sabab bo‘lyapti.

Bu fikrlarim shunchaki safsata emas, balki asoslangan, hammamiz hayotda ko‘rib, bilib turgan ayni haqiqat. So‘nggi vaqtlarda to‘ylarimiz orzu-niyatlar ushaladigan tadbirga emas, ko‘proq to‘y egalari jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko‘rsatib qo‘yish uchun tashkil etilayotgan tantanali marosimga o‘xshab qolyapti.

To‘y dasturxoniga qo‘yilayotgan noz-ne’matlarning sanog‘i yo‘q. Ayrim to‘ylar uchun qilinayotgan sarf-xarajatlarni eshitib, kapalagingiz uchib ketadi. 300 kishi taklif qilingan to‘yga san’atkorlar bilan qo‘shib hisoblaganda o‘rtacha 150-200 million so‘m atrofida mablag‘ sarflanyapti.

Achinarlisi, dasturxonxonga qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlarining 30 foizi ham iste’mol qilinmayapti, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilyapti.  Bundan tashqari, ayrim xonadonlarda milliy qadriyatlarimizga zid ravishda non, ovqat va yeguliklarni chiqindixonalarga tashlab yuborish, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida bolalar va o‘smirlar tomonidan yeguliklarni isrof qilish, non va non mahsulotlari qoldiqlarini duch kelgan joyga uloqtirib ketish holatlari ko‘plab uchrayotgani kishini qattiq tashvishga soladi.

Shu nuqtai nazardan to‘ylarni ixchamlashtirish, dafn marosimlarini o‘tkazishda shuxratparastlik, me’yoridan ortiq dabdabaga yo‘l qo‘ymaslik, isrofgarchiliklarning oldini olish, xalqimizning asriy urf-odatlari va an’analariga rioya qilishlik maqsadga muvofiqdir.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida bu borada bir qator tashabbuslar ilgari surilib, muhim vazifalar belgilab olingan. Partiya tomonidan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun aholi o‘rtasida yeguliklarni uvol qilmaslik, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Toza likopcha” aksiyasi o‘tkazib kelinyapti.

Aksiya tashkil qilinishiga asosiy sabab so‘nggi yillarda yer yuzida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari tufayli suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi tabiiy holatlar yuzaga kelib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish tobora qiyinlashib bormoqda. Biz buni chuqur anglab, oziq-ovqat mahsulotlarini uvol qilmasligimiz, to‘yda bo‘ladimi, uyda bo‘ladimi, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

Aksiya doirasida maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida, mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot jarayonida partiya faollari buni aholiga atroflicha tushuntirib, loyihaning mohiyatini har bitta fuqaroga yetkazmoqda.

Partiyaning mazkur loyihasi bugun keng jamoatchilikka har jihatdan manzur bo‘layotgani bois, ular aksiyani bir ovozdan qo‘llab-quvvatlab unda faol ishtirok etishini, xayrli tashabbusning yanada keng quloch yoyishiga munosib hissa qo‘shishlarini bildirmoqda.

Agar bitta maqsad atrofida birlashsak, har qanday muammoga yechim topa olamiz. Xususan, to‘ylardagi dabdababozlikga chek qo‘yib, oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligining oldini olishga erishamiz.

Akbar Axtamov,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

viloyat kengashi raisi.