Tramp va Putin: Alyaskadagi uchrashuv qanday o‘tdi?

Alyaskadagi Elmendorf-Richardson qo‘shma harbiy bazasida o‘tkazilgan AQSh va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvi yakunlandi.

Ular o‘rtasidagi yuzma-yuz muzokaralar qariyb uch soat davom etdi. So‘ngra ikki delegatsiya vakillari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbat yakunida AQSh va Rossiya yetakchilari matbuot oldiga chiqdi. Prezidentlar qisqa bayonotlar bilan cheklanib, jurnalistlarning savollariga javob bermadi.

Tramp muzokara yakunida “Fox News” telekanaliga intervyu berdi. U intervyusida asosan shunday fikrlarni ilgari surdi:

- Alyaskadagi muzokaralarda, jumladan, Ukraina xavfsizligiga oid kafolatlar masalasi ham ko‘p jihatdan kelishib olindi;

- Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati endi Zelenskiy va Yevropa davlatlariga bog‘liq;

- Zelenskiy Rossiya bilan mojaro sabab ko‘p narsani yo‘qotayotganini tan olishi lozim;

- Putin bilan muzokaralar davomida katta siljishlarga erishildi;

- Ukraina bo‘yicha kelishuv tuzilishi ehtimoli “anchagina yuqori”;

- Ukrainadagi mojaroning tugashi ham Putin, ham Zelenskiy uchun muhim yutuq bo‘ladi;

- Yevropa davlatlari ham Ukraina bo‘yicha kelishuvda “qisman” ishtirok etishi kerak;

Rossiya katta yadroviy salohiyatga ega va bu bilan hisoblashish lozim.

Ammo uchrashuvni jahon OAV vakillari o‘zgacha baholadi.

“Putin uchrashuvni ayrim g‘alabalar bilan yakunladi. U AQShga tashrif buyurishga erishdi – bu oz narsa emas va Trampdan iliq “mehmondo‘stlik” oldi, shuningdek, Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalarning navbatdagi kechiktirilishini qo‘lga kiritdi”, deb yozadi “The New York Times”.

CNN’ga ko‘ra, Putin qo‘shma matbuot anjumanini ochib bergan, bu esa odatdagi protokoldan chetga chiqish hisoblanadi.

“Associated Press” esa Tramp va Putin matbuot anjumanini hech qanday savollarga javob bermay va Ukrainaning kelajagi bo‘yicha muzokaralar tafsilotlarini oshkor etmay yakunlaganidan afsus bildirdi.

“The New York Times”: Qariyb uch soatlik uchrashuvdan so‘ng Donald Tramp erishilgan siljishlarga noaniq, Putin uchun uchrashuv muayyan g‘alabalar bilan yakunlandi.

“The Sun”: Uchrashuvdan so‘ng AQSh Prezidenti tomonlar ayrim yirik masalalarda kelishib olganini aytdi, biroq ikki liderdan hech biri Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni tilga olmadi.

“Tramp yutqazmadi, ammo Putin aniq yutdi”, deydi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp “yangi uchrashuvlardan boshqa hech narsa olmadi”. Putin esa ko‘p narsaga erishdi. U sanksiyalardan qutuldi. Uni o‘t ochishni to‘xtatish xavfi kutmayapti. Keyingi uchrashuv belgilab qo‘yilmagan.