9 yil oldin sodir etilgan mudhish qotillik fosh etildi
Prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan uzoq vaqt davomida ochilmagan jinoyatlarni fosh etish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.
Aniqlanishicha, 24.01.2012 yil 24 yanvarda Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, “Qorabo‘yin” mahallasida yashagan T.G‘. o‘ziga tegishli “Neksiya-2” rusumli avtomashinasida uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.
T.G‘. boshqaruvidagi avtomashina Samarqand shahar, “Madaniyat” mahallasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomonidan topilgan va holat yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Bedarak yo‘qolgan G‘.T.ning avtomashinasini ko‘zdan kechirish davomida, ulovning turli joylaridan jami 14 dona barmoq, kaft izlari olingan.
Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda amalga oshirilgan keng qamrovli tadbirlar natijasida o‘ta og‘ir jinoyat fosh etildi.
Tergovda aniqlanishicha, M.O., T.A. va D.S. tomonidan bedarak yo‘qolgan G‘.T. qasddan o‘ldirilib, uning jasadini Chiroqchi tumani, “Sho‘rbozor” mahallasi hududida joylashgan zaxiradagi dala maydonida ko‘mib, avtomashinasini esa Samarqand shahar, “Madaniyat” mahallasi, “Narpay” ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomoniga tashlab ketishganligi aniqlangan.
M.O., T.A. va D.S.larning sodir etgan jinoyatlari ularning iqrorlik ko‘rsatuvlari, jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan barmoq izlari, ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va yuzlashtirish tergov harakatlari hamda boshqa dalillar majmui bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.
Ushbu jinoyat ishi yuzasidan 3 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, barchasiga "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.