Samarqandda uka o‘z akasini ov qurolida otib o‘ldirdi

Aka-uka o‘rtasidagi janjal o‘lim bilan yakunlandi. Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, hodisa joriy yilning 12 fevral kuni Narpay tumanida yuz bergan. Uka hozirda qo‘lga olingan.

Ta’kidlanishicha, tumandagi Xo‘jakarzon mahallasidagi fermer xo‘jaligi hududida aka-ukalar o‘rtasida ariqdan suv o‘tkazish masalasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Tortishuv janjalga aylanib, uka o‘ziga tegishli «IJ-18» rusumli ov qurolidan akasiga qarata o‘q uzgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning tanasida bosh va yuz qismi, bo‘yin, yelka sohalarida o‘q otilishiga xos og‘ir jarohatlar aniqlangan. Xulosada o‘lim sababi tashqi qon ketishi ekani ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Narpay tumani prokuraturasi tomonidan ukaga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.