Payariq tumanidan 1894 yilda Belgiyada ishlab chiqarilgan “Acier universel” markali qurol topilgan
Viloyat Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida Chor Rossiyasiga qarshi milliy ozodlik harakati qatnashchilari foydalangan, 1894 yilda Belgiyada ishlab chiqarilgan “Acier universel” markali qurol saqlanyapti.
Chor Rossiyasi Pyotr I zamonidan boshlab yurtimizga ko‘z olaytira boshlagan. Yillar mobaynida sayyohlik va arxeologik ekspeditsiyalar, savdo aloqalari bahonasida josuslik harakati amalga oshirilgan. XIX asr o‘rtalariga kelib, bu imperiya O‘rta Osiyo xonliklarini bosib olishga jiddiy kirishdi. Albatta, hech bir xalq o‘z yurtini yovga shunchaki qo‘sh-qo‘llab topshirib qo‘ymaydi. Ota-bobolarimiz o‘lkani yov bosqinidan asrab qolish maqsadida qo‘lidan kelgancha harakat qilishgan. Xalq ichidan yetakchilar chiqib, qarshi harakatlar tashkil qilgan. Xususan, qo‘rboshilar ozodlik harakati ishtirokchilarini dushmanga qarshi qo‘lga qurol olib jang qilishga ruhlantirgan. Ammo tizimli, qudratli hamda zamonaviy qurollangan armiyaga qarshi oddiy mehnat quroli bilan jang qilish o‘limga tik borish edi. Bosqinchilarga qarshi turish maqsadida o‘zbek qo‘rboshilari G‘arb davlatlari bilan harbiy qurol-yarog‘lar olish maqsadida aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.
Bundan ikki yilcha avval Jahongir O‘roqboyev Payariq tumani "Katta Saydov" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Sohib ota” qabristoni atrofida mol boqib yurgan vaqtida zax ariq ichida yotgan temir bo‘lagiga ko‘zi tushib qoladi. Jahongir tarix va arxeologiya mutaxassisligida tahsil olayotganimni bilgani bois, topilgan ashyoni menga olib kelib ko‘rsatdi. Ikkovimiz bamaslahat topilmani Samarqand davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga topshirdik.
Aniqlik kiritish maqsadida u muzey xodimlari tomonidan ro‘yxatga olindi. Topilmani zang va chirindi qoplamasidan tozalash uchun mutaxassislarga topshirildi. Aniqlanishicha u 1894 yilda Belgiyada ishlab chiqarilgan, “Acier universel“ markali qurol qoldig‘i ekan. O‘qotar qurol Belgiyaning Seran shahridagi “Kokerilya” zavodida ishlab chiqarilgan. Ma’lumki, Fransiya va Angliya davlatlari Afg‘oniston hududi orqali o‘zbek milliy ozodlik harakati qo‘rboshilarini zamonaviy miltiqlar bilan ta’minlab turgan. Yana bir tomoni o‘sha payt Chor Rossiyasi ham Belgiyadan sotib olgan qurollarni 100 rubldan sotishni yo‘lga qo‘ygan edi. Qarshi harakatlar natijasida o‘qotar qurollar qo‘lga kiritilgan bo‘lishi ham mumkin.
XIX asrning oxirlarida belgiyadagi qurol-yarog‘ zavodida o‘n ming dona ov quroli tayyorlangan. 1900 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan butun jahon ko‘rgazmasida zavod oltin medal bilan taqdirlangan. Ov qurolining qo‘ndoq qismi yog‘och materialidan yasalganligi sababli yer ostida chirindiga aylangan. Uning stvoli yupqa metaldan bo‘lganligi tufayli bizgacha yetib kelmagan, faqatgina qalin po‘latdan yasalgan mexanizm qismi saqlanib qolgan. Qurol qaysi yo‘l bilan “Sohib ota” qabrstoni hududiga kelib qolganligi bizga noma’lum. Ammo ayrim ilmiy farazlarga ko‘ra bu joy o‘rnida avval shahar bo‘lgan. Bu yerdan sopol buyumlar qoldiqlari, metaldan yasalgan sak qabilalariga tegishli o‘q-yoyning uchi, o‘rta asrlarga oid loydan tayyorlab olovda pishirilgan bo‘lagi topilgan. Sobiq ittifoq davrida bu yerdan odamlarni ko‘chirib, o‘ziga to‘q dehqonlardan yerlarini tortib olib, paxta maydonlariga aylantirgani tarixdan ma’lum.
(Rasmda qurolni bizgacha yetib kelgan qismi va internetdan olingan haqiqiy ko‘rinishi).
Hamza IShQUVVATOV,
SamDU tarix fakulteti magistranti.