Jamoatchilik nazorati kuchli fuqarolik jamiyati asosi
Jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish, ijroiya organlari qarorlari loyihalarini fuqarolar ishtirokida muhokama qilish, elektron platformalarni keng joriy etish, aholining fuqarolik faolligini oshirish jamiyatga nima beradi? Davlatga-chi?
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi, “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston NNT Milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi hamkorligida “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi” muhokamasi bo‘yicha davra suhbatida shu masalalarga e’tibor qaratildi.
Viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan davra suhbatida “O‘zbekiston-2030” strategiyasida sohaga oid vazifalar ijrosini ta’minlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarda NNTlarning o‘rni, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rolini yanada oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
- Kuchli fuqarolik jamiyatini qurishda davlat va jamiyat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyatga ega, - deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Elyor Ulug‘murodov. - Bu masalada qonunchilik bazasi yetarli mustahkam bo‘lsa-da, ammo amalda nimalarga e’tibor qaratish kerak? To‘g‘ri, faol fuqarolik jamiyatining asosiy omillaridan bo‘lgan o‘z-o‘zini boshqarish organlari keyingi yillarda tobora takomillashmoqda. Bundan bir necha yillar avval hokimiyat tizimida bo‘lgan xizmatlar bugun to‘la mahallaga ko‘chdi, mahalla yettiligi tizimi shakllandi. Ijtimoiy tarmoqlarda faollar soni oshdi. Ammo hali takomillashishga muhtoj jihatlar ham ko‘p. Misol uchun, mahalla tizimi hozircha byudjet hisobidan shakllangan. Ijtimoiy tarmoq faollari orasida etika masalalari dolzarb bo‘lmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari loyihalarida bugungi kun muammolari bilan bog‘liq dolzarb vazifalar kam ko‘tarilmoqda.
Anjuman davomida ishtirokchilar ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdilar. Ayniqsa, davlat organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.