Mutolaa: Ota bo‘lish osonmas…
Hajviya
Ishdan horib, charchab kelmaganmanmi, xotinimning yarim kechasi inqillab qolgani oromimga suv sepdi. Oy-kuni yaqin bo‘lganidan xavotirim oshdi.
- Doktor chaqirayinmi? - dedim yotgan joyimdan turishni istamay. «Qo‘yavering, o‘tib ketadi» desa-yu, ters o‘girilib uxlavorsam. Aksiga olibkutganim bo‘lmadi.
- Ha, endi chaqirmasangiz bo‘lmaydi-yov, dard juda yomon kelyapti.
O‘rnimdan turib, yuzimni yuvish uchun yuvinish xonasiga kirdim. Yelimsatildan suv olmoqchi bo‘lsam, krandan jildir-jildir suv oqib turibdi. Yo, qudratingdan! Bir sutkada ikki marta ikki soatdan kelib turadigan suv yarim tunda ham kelib tursa-a!
Yuzimni yuvib chiqqach, «Tez tibbiy yordam»ga qo‘ng‘iroq qildim. Navbatchihamshira bo‘lsa kerak savolga tutdi:
- Nima bo‘lgan?
- Homilador.
- Kuni qachon edi?
- Bugun, shekilli.
- Manzilingiz?
- Istovchilar ko‘chasi, 4-uy, 33-xonadon.
- Besh daqiqada yetib boradi.
Muomalasidan «Ovozingga shakar» deb qo‘ydim-u ichimda, yana o‘ylab qoldim. «O‘zi to‘qqizinchi qavatga chiqqunicha besh minut o‘tib ketadi-ku. Qanday qilib besh daqiqada keladi?».
Yo‘q, adashibman. Xuddi ko‘chada kutib o‘tirgandek, xabar berganimdan besh daqiqa o‘tib, eshik qo‘ng‘irog‘i bosildi. Ikki nafar oppoq xalatda doktor ayolkirib keldi. Xotinim bilan ozroq suhbat qildi-da, menga yuzlandi:
- Kelinni olib ketamiz. Zudlik bilan.
- Ahvoli yaxshimi o‘zi?
- Xavotir olmang.
- Zinalardan tushishga qiynaladi-da. Shu liftimiz ham qasd qilgandek kecha buzilib qolgandi.
- Iye, biz liftda chiqdik-ku, - dedi doya ayol.
- Sozlab ketishdi, - dedi xotinim jilmayib. Insof kiribdi ularga ham.
Yo‘lga chiqdik. E-e, aytsam ishonmaysiz. “Tez yordam” mashinasimas, xuddisamolyotday bir tekis ketib boryapti-da. O‘ylab qo‘yaman: “Bu “Tez yordam” mashinasini “Damas”dan emas, lunaxoddan tayyorlaganmi-yey!..” Haydovchi ham xuddi fikrimni uqqanday deydi:
- Avvalari bu mashinani haydagandan ko‘ra traktor haydasam yaxshiydi, derdim. Endi unaqamas. Yo‘llarning tekisligini qarang. Kapot ustiga piyolada suv qo‘yib haydasangiz, bir tomchisi ham to‘kilmaydi.
- Bunaqa emasdi-ku, - dedim yo‘lga qattiqroq tikilib. Keyin o‘zimni chimchib qo‘ydim: “Tushimmi, o‘ngimmi?” Rostdan yo‘llarga yangi asfalt yotqizilgan. Atrofda qiyoslaydigan narsa bo‘lmasa ketayotganingizni sezmaysiz ham.
- Bunaqa emas edi, lekin endi shunaqa, - dedi haydovchi aka. – Kelinlar endi tug‘ruqxonaga yetib borishadi qiynalmay. Oldin tug‘ilgan har to‘rtta o‘g‘ildan uchtasi Yo‘lchiboy bo‘lardi...
Xullas, jufti halolimizni olib tug‘ruqxonaga bordik. Es-u fikrim xotinimda. Ishqilib operatsiya bo‘lmasin-da. Agar shunday bo‘lsa nima bo‘ladi? Ikki-uch baravar xarajat bo‘ladi. Yana o‘zimni o‘zim so‘kib qo‘yaman: «Yaxshi niyat qil! Pulni o‘ylama hozir»... Ko‘z yumib-ochguncha xotinimni tug‘ruq zaliga olib kirib ketishdi.
- Siz ham kiring,- dedi o‘sha yerdagi ayollardan bittasi. - Dalda bo‘lasiz.
Asta ortidan ergashdim. Lekin tug‘ruq zalida hammasi ayollar ekanligini ko‘rib, xijolat tortdim. Yo, qudratingdan! Erkak akusher-ginekologlarga insofkirib, ishdan ketishgan shekilli. Ortimga qaytib, tashqariga chiqib ketdim.
O‘n daqiqalardan so‘ng navbatchi doya oldimga keldi.
- Tabriklayman, ota bo‘ldingiz.
Beixtiyor qo‘limni cho‘ntagimga olib bordim. Ayol qo‘limdan ushladi:
- Siz yangi qarorlarimizni hali bilmaysiz, shekilli. Undan ko‘ra, hujjatlarini birinchi qavatdagi «Kelajak» degan bo‘limga olib boring. Yangi mehmonning nomiga hisob raqam ochib, besh million so‘m pul tushiribberishadi...
- Qanaqasiga?!
- Bosh vrachimiz tug‘ruqxonaga investitsiya kiritganlar. Har bir o‘g‘il chaqaloquchun besh million, qiz chaqaloq uchun o‘n million so‘m beradi. Buni chaqaloqning sog‘lom o‘sishi uchun sarflashingiz lozim.
- Unda bu yerning xarajatlari...
- E, bu nima deganingiz? Hammasi bepul. Bosh vrach bizni ham quruqqo‘ymaydi. Har bir chaqaloq uchun qo‘l haqi beradi.
«Qoyil!» deb yuborganimni bilmay qoldim. Rost! Hali bunaqasini ko‘rmagandim. Oyog‘imni qo‘limga olib birinchi qavatdagi «Kelajak»ka chopdim. «Avvallari u xonalar «Ketajak» bo‘lgan bo‘lsa kerak, - deb qo‘yaman o‘zimga o‘zimyo‘l-yo‘lakay».
Ishlarni tindirib, «Kelajak» xonasidan chiqayotsam, xotinimchaqirayotganini aytishdi. Qarang, pulning kuchini! Xotinimdan xabar olmay, to‘g‘ri bu yoqqa jo‘navorgan ekanman. Oldiga borsam, hali ham o‘sha inqillashda yotibdi. «Nima bo‘ldi?» desam, «Dard kelyapti, doktor chaqiring» deydi. «Iye, yana tug‘asanmi? Zo‘r-ku! Yana besh million berishadi. Boy bo‘lib ketarkanmiz...»
Xotinim negadir qovog‘ini uyib, yuzimga shapaloq tortib yubordi. Ko‘zim biryumilib ochildi shekilli o‘sha payt, qarasam uyda yotibman. Og‘zim qulog‘imga o‘tib ketgandek tirjayaman. Xotinim esa tepamda yuzi og‘riqdan bo‘g‘riqib, mengaqarab o‘tiribdi.
- Qanaqa ersiz-a?! Shuncha gapiraman, dodlayman, qaramaysiz. Yana ko‘zingizni ochmay ishshayasiz. Hozir tug‘ib qo‘yamaan...
Sakrab turib yuvinish xonasiga chopdim. Kranni burasam, suv yo‘q. Yuzimniyelim satildagi suvdan olib nari-beri yuvdim-da, «Tez tibbiy yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishga tushdim.
- Nima muammo?
- Xotinim bezovta bo‘layapti, homilador...
- Kuni qachon edi?
- Bugun, shekilli.
- Manzilingiz?
- Istovchilar ko‘chasi, 4- uy, 33-xonadon.
- Yarim soatda yetib borishadi.
- Yarim soat?!
- ...
- Hammasi yaxshi bo‘ladi, - deyman xotinimni yupatib ko‘rgan tushlarim xuddio‘ngidan kelib qoladigandek. Lekin xotinim bilan parallel azob tortishimni o‘ylab, ichimda «Uyg‘otmasang, yaxshiydi» deb qo‘yaman. Nachora, ota bo‘lish osonmas!
Asliddin Mustafoyev.