Pora olishda ayblangan sobiq IIB xodimiga 357 million so‘mdan ko‘proq to‘lab beriladi. Nega?

Sud hujjatiga ko‘ra, S.S. avval Payariq tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori lavozimida ishlagan...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining 2012 yil 23 avgustdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismining “b” bandi va 241-1-moddasining  (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 1-qismi bilan o‘n yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

2024 yil 2 dekabrda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi yuqoridagi hukmni bekor qilib, sobiq IIB xodimi - S.S.ni aybsiz deb topgan.

Sodir etilgan jinoyatlarga daxli bo‘lmaganligi sababli reabilitatsiya etilib, jinoyat ishining S.S.ga oid qismi tugatilgan.

Oqlangandan keyin S.S. yetkazilgan barcha mulkiy ziyonni undirib berish haqida ariza bilan murojaat qilgan.

Samarqand viloyat sudi arizada keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga tahlil qilib, arizani qisman qanoatlantirishni lozim topdi:

Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025 yil ma’lumotnomasida S.S.ning 2012 yil iyun oyidan 2024 yil 2 dekabriga qadar olishi lozim bo‘lgan ish haqi miqdori 12 foiz soliq to‘lovlari chegirilgan holda 357255403 so‘mni tashkil etishi ko‘rsatilgan.

Sud ushbu miqdorni viloyat hokimligi huzuridagi “Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha hududiy maqsadli jamg‘arma” hisobidan qoplashni belgiladi.

Ajrimda S.S. ga ma’naviy va boshqa moddiy zararlarni undirish yuzasidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.

Yo.GADOEV.