Yopinchiq ostiga yashirilgan “Gentra” topildi

Narpay tumanida qarzdor kredit qarzini to‘lamaslik uchun avtomashinasini yashirishga uringan. Biroq Majburiy ijro byurosi xodimlarining tezkor harakatlari natijasida u aniqlandi.

Majburiy ijro byurosi Narpay tumani bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida fuqaro X.G. (ayol)dan undiruvchi “Hayot Bank” foydasiga 8,1 million so‘m miqdoridagi kredit qarzdorligini undirish belgilangani ma’lum bo‘ldi. Ijro hujjatiga asosan qarzdorga tegishli “Chevrolet Gentra” rusumli avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur avtomashina qarzdor tomonidan boshqa mahallada yashovchi ukasining xonadonida yopinchiq tagiga yashirib qo‘yilgani aniqlandi.

Davlat ijrochilari tomonidan avtomashina belgilangan tartibda xatlandi va jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan qarzdorliklarni undirish bo‘yicha tizimli va qat’iy choralar ko‘rilmoqda.