Qarz uchun «TAHOE» avtomobili xatlandi

Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2025 yil 19 fevraldagi qaroriga ko‘ra, qarzdor fuqaro I.N.dan undiruvchi “Asakabank” aksiyadorlik jamiyatining Avtotransport filiali foydasiga yozma bitim asosida 63 million 857 ming 514 so‘m qarz hamda davlat daromadiga 2 million 554 ming 300 so‘m miqdoridagi davlat boji undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘i yuzasidan qarzdorga tegishli bo‘lgan “TAHOE” rusumli avtotransport vositasi garovga qo‘yilgan.

Ijro harakatlari davomida, bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan qarzdorlikni bartaraf qilmaganligi sababli mazkur avtotransport vositasi vaqtincha saqlash maqsadida jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

"Agar ushbu qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, “TAHOE” rusumli avtotransport vositasi qonunda belgilangan tartibda baholanib, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi. Bu jarayonda avtotransportning bozor qiymati aniqlanib, uning sotishdan tushgan mablag‘i qarzni qoplashga yo‘naltiriladi", deyiladi MIBning viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabarida.