Bugun shoir Nodir Jonuzoq tug‘ilgan kun
Nodir Jonuzoq (Nodir Xolbo‘tayev) 1976 yilda Bulung‘ur tumanining Sartyuzi qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Turkiston”, “Respublika”, gazetalarida, “Yoshlik” jurnalida, “O‘zbekiston”, “Madaniyat va ma’rifat” telekanallarida faoliyat yuritgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlangan. 2023 yildan buyon Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri lavozimiga ishlab kelmoqda.
“Shuhrat” medali hamda “Do‘stlik” ordeni sohibi.
Bahorga savol
Bahor, daraxtlarni gulga to‘ldirib,
Qo‘qqis qor, do‘l bilan urganing nadir?!
Chechaklar umidin yanchib, so‘ldirib,
Qish to‘nini kiyib turganing nadir?!
Navro‘ziy nozlanib, bezangan shoxlar
Qahraton qahrini unutgan edi.
Mayin raftoringga ishongan bog‘lar
Qalbidan saralab gul tutgan edi.
Ochgandi suqnazar ko‘zdan yashirin
Muhabbat, sir to‘la tugunchasini –
Arzanda go‘dakday erka va shirin,
Beg‘ubor, rango-rang gulg‘unchasini.
O, qanday munavvar edi-ku ta’bing,
Falak sof tutgandi qirg‘in, qasdlardan!
Yo ibrat oldingmi bog‘cha, maktabni
O‘t bilan chirmagan yovuz kaslardan?!
Iblislar – bezraygan yuzida kulgi,
Og‘ushin ochadi farishta taxlit...
Nahot, sen ulardan oldingmi ulgi,
Razil, shum kuchlarga qildingmi taqlid?!
Yo riyo kaftidan taralgan sovuq
Adovat yog‘dirgan muz olqishmisan!?
Yo ko‘klam libosin aylagan sovut,
Aldamchi va makkor qora qishmisan!?
Injima, so‘zlarim botsa gar og‘ir,
Men ham seni suyib, qalbim ochgandim.
Yorug‘ umidim deb – yuragim og‘rir –
Tullak kimsalardan senga qochgandim.
Ular-ku haqqini olgay bir kuni,
Ilohiy kuch bilan kelsang ufurib –
Yerdagi bor fitna, zulm, qutquni
Bir toza nasiming ketgay supurib...
Iltijom – zulmatning yuzini tilgan,
Xaloskor, oydinruh nahor bo‘lib kel.
Har g‘unchani asrab doyalik qilgan,
Qishga qo‘l bermagan Bahor bo‘lib kel!
Hamdardlik
Ajal sharbatini totar har banda,
Dunyoda omonat erur har odam.
Kim bo‘lsin, olamdan bir kun o‘tganda,
Uning hurmatiga tutilar motam.
Va lek har mavzuda zid qutblar bor,
Mavjud har jabhada manfiy va musbat.
Ma’noli yashagan marhum – baxtiyor,
Umrini sovurgan bo‘lsa – musibat.
Birodar, boshingiz bo‘lsin sog‘-omon,
Bizni ham bu xabar ko‘p mahzun etdi.
Lekin fig‘on chekmang... Bu Yaxshi Inson
Xudodan mukofot olishga ketdi!..