To‘y uchun yiqqan pulini ehtiyojmandlarga sarfladi
Xalqimizda "Savob ishni har kim, har kun qilishi kerak", degan dono gap bor. Keyingi paytda turli soha vakillarining savob ish qilayotganini eshitib, quvonyapmiz.
Ana shunday savobtalab insonlardan biri Payariq tumanining Sarbozor mahallasi, O‘rta Saydov qishlog‘ida yashovchi Mansur hoji (familiyasini oshkor qilishimizni xohlamadi) necha yildirki mahalladagi bemorlarga, kam ta’minlangan insonlarga ko‘mak berib keladi.
U kishi ayni kunlarda nabiralariga to‘y qilib berish uchun yiqqan pulini mahalladagi 10 ta oilaga qoramol olib berishga sarfladi. Ehtiyojmand oilalarga qoramolni mahalla vakillari yetkazdi.
- Mahallamiz binosining qurilishida ham o‘zi bosh bo‘lib, shefir olib berdi, ustalar xizmat haqini o‘zi to‘ladi, - deydi mahalla raisi To‘lqin Musurmonov. - O‘tgan yili uchta oilaga ham qoramol olib bergan edi. Buni maqtanish uchun emas, balki ana shunday insonlarning borligi va ular soni oshayotganidan xursand bo‘lib aytyapman.
Afsuski, keyingi paytda to‘ylarda dabdababozlik yana ko‘payayotgani, yangicha udumlarni odamlarning o‘zi sun’iy yaratayotgani, isrofgarchilik bo‘layotganini eshityapmiz, ko‘ryapmiz. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda to‘ylarni, ma’rakalarni qisqartirish, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, kamxarj qilib o‘tkazish kerakligi to‘g‘risida keng jamoatchilik bong urmoqda. Ammo bu gaplar ayrim kimsalarga hamon yetib bormayapti.
Shu bois yuqoridagi kabi qo‘li ochiq insonlar amalga oshirayotgan xayrli ishlarni aytsak, bu albatta o‘z natijasini beradi.
Husan Eltoyev.