Ehson hayotlikda amalga oshsin, marosimlarda isrofga aylanmasin

Yaqinlarimizdan ayrilgan paytda ularga bo‘lgan ehtiromni qanday ifoda etamiz: qalbdan chiqqan samimiy duo va soddalik bilanmi yoki dabdaba va isrof orqalimi? Keyingi paytlarda Samarqanddagi to‘ylar turli videolar orqali ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylanmoqda. To‘y - baraka ramzi, deymiz. Lekin afsuski, ta’ziya marosimlari ham asta-sekin to‘ylardan qolishmaydigan “festival”ga aylanib borayotgani jamiyatimizni o‘ylantirishi kerak, albatta. Bugun men aynan shu og‘riqli, ammo juda muhim mavzuda fikr yuritmoqchiman.

Samarqand - bu faqat qadimiy yodgorliklar, ziynatli madrasalar va tarixiy masjidlar yig‘indisi emas. Bu zamin - Imom Buxoriy, Imom Moturudiy va Mahdumi A’zam kabi buyuk ulamolarning makoni bo‘lib, ularning ilm-fan va ma’naviy fazilatlari bilan nurlangan joydir. Ular yoritib ketgan ma’naviy yo‘l, shubhasiz, bugungi kungacha bizga ibrat bo‘lib qolmoqda.

Ammo biz, ularning avlodlari, bu merosga munosib voris bo‘la olmayapmiz. Ayniqsa, ta’ziya va janoza kabi muqaddas marosimlarda shariat talab qilmagan, ijtimoiy yuk bo‘lib qolgan odatlarni “odamlar nima derkin” deb bajarishda davom etyapmiz. Bu faqat urf emas, ijtimoiy muammodir. Qanday qilib vafot marosimi tiriklikdagi kambag‘al hayotdan ko‘ra dabdabali bo‘lib qoldi?

Yaqinda bir tanishimning xonadonida bo‘lgan musibat shu haqda yana bir bor o‘ylashga majbur qildi. U kishi og‘ir xastalikdan keyin vafot etdi. Uning davolanishi uchun uncha ko‘p harakat qilinmagan, chunki moddiy jihatdan imkoniyati yo‘q edi. Ammo vafotidan keyingi marosimlarga kelganda, barcha ish “muxtasham” shaklda bajarildi. Janozadan so‘ng, qabr qazuvchilarga sovg‘alar: sochiq, sovun, kalish, to‘n... undan keyin xatmi Qur’on, yuzlab kishiga “Xudoyi osh”.

Janazadan keyingi kunlarda esa doimiy ravishda mehmon kutib olish, har payshanba va yakshanba kuni ta’ziyachilarni oziqlantirish, “20 oshi”, “40 oshi”, “Yillik osh”. Marhumning oilasi avval ham og‘ir ahvolda edi, endi esa bu marosimlar tufayli moliyaviy jihatdan yanada ezilgan.

Shu oiladagi moddiy ahvolni bilaman. Ularning yostig‘i baland emas, dardi chuqur. Biroq “odamlar nima derkin?” degan xavotir ularni shunday isrofga majbur qildi. Hatto ayrim qarindoshlar: “Oshni kam qildi”, “Sovg‘a kam berdi”, “Imomi ham yaxshi o‘qimadi”, degan gaplar bilan ta’na qilgan ekan.

Asosiy muammo — odamlardan uyalish, Allohdan emas. Bir inson: “Osh bermasam, qarindoshlar gapiradi”, deb o‘ziga qarshi ish qilyapti. Ba’zilar ota-onasini dafn qilgach, oylar davomida qarzga botib yuribdi. Kam ta’minlangan oilalar “yillik osh”ni berish uchun og‘ir mehnat qiladi, hatto qarz oladi.

Musibat oila uchun yetarlicha og‘riq. Biz esa ruhiy og‘riq ustiga moliyaviy yukni ham joylayapmiz. Ta’ziya – tasalli berish uchun, dasturxon – mehr uchun, duo – rahmat uchun. Ammo bugun bu marosimlar kimningdir obro‘sini saqlash uchun, kimdir haqida gap chiqmasligi uchun o‘tkazilyapti.

Aslida esa, haqiqiy ehson hayotlikda qilinishi kerak. Marhumning o‘limidan oldin salomatligi uchun harakat qilish, tirik paytida moddiy-ma’naviy yordam berish – ana shu haqiqiy insoniylik emasmi?!

Komiljon Mahmedov,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi mutaxassisi.