Saxiy Allohga, jannatga va odamlarga yaqindir
Bu dunyo har xil sinov va imtihonlardan iborat. Alloh taolo insoniyatni gohida xavf-xatar, ocharchilik, tabiiy ofat, insonlarning mol-mulki, joniga zarar yetkazish bilan sinab turar ekan. Haqiqiy mo‘min banda bu musibatlarga sabr, toqat qilib, ularning barchasi Alloh taoloning izmida ekanligini angaydi. Shunda olamlarning Robbisi ularga o‘z rahmatini nozil aylaydi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday zikr qilingan:
«Albatta, Biz sizlarni biroz qo‘rqinch va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber.
Ular musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», derlar,,.
Ana o‘shalarga Robbilaridan salovatlar va rahmat bor. Ana o‘shalar hidoyat topganlardir» (Baqara surasi, 155-157-oyatlar).
Demak, shuncha sinov va mashaqqatlarga mukofot qilib Allohning salovatlari, mehri va shafqati hamda rahmati va’da qilinmoqda.
Shukrlar bo‘lsinki, butun dunyoga tarqalgan vabo asta-sekin zavol topmoqda. Ushbu qiyin, sinovli kunlarda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholini kasallikdan asrash, ijtimoiy, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, bemorlarni davolash kabi masalalarda barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tabiiyki o‘z-o‘zini himoyalash vaqtida kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q, ehtiyojmand oilalarning iqtisodiy ahvoli qiynlashdi. Mana shunday og‘ir damlarda saxovatpesha xalqimiz bu kabi insonlarni o‘z hollariga tashlab qo‘ymadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi bandligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. Hozirgi og‘ir paytda aholining yordam va ko‘makka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati va unga bildirilayotgan samimiy munosabatlar qayd etildi. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Saxovatli insonning boshiga jannat daraxtlari soya soladi” degan hikmatli so‘zlarini yodga oldi.
Darhaqiqat, saxiy, muhtojlarga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatuvchi kishi dinimizda madh etilgan, unga dunyo va oxiratda ulkan mukofotlar berilishi bayon qilingan. Jumladan, «Kechasiyu kunduzi mollarini nafaqa qilganlarning ajrlari Robbilari huzuridadir. Ularga xavf yo‘q va ular xafa ham bo‘lmaslar» (Baqara surasi, 274-oyat).
Oyati karimada o‘z mollaridan ehson, xayr qiluvchilarning ajrlari eng oliy maqom joyda – Robbilari huzurida ekanligi ta’kidlanmoqda.
Yana bir oyati karimda «Ehson qiling, albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radi», deyilgan (Baqara surasi, 195-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«Saxiy Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, odamlarga yaqindir va do‘zaxdan uzoqdir.
Baxil Allohdan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, odamlardan uzoqdir va do‘zaxga yaqindir.
Albatta, saxovatli johil Alloh azza va jallaga baxil obiddan ko‘ra mahbubdir» (Termiziy, Bayhaqiy va Tobaroniy rivoyati).
Islomda saxovatga qanchalar targ‘ib qilinganligiga nazar soling! Nafl ibodatdan ko‘ra saxiy bo‘lish ustun qo‘yilmoqda.
Prezidentimiz o‘z so‘zida xayrli tashabbuslarni chin dildan qo‘llab-quvvatlagan, bu savobli ishlarga munosib hissa qo‘shayotgan barcha vatandoshlarimizga muqaddas kitoblarimizda aytilgan “Yaxshilikning mukofati – faqat yaxshilikdir” degan gapni yana bir bor eslatib o‘tdilar. Muqaddas dinimiz ta’limotlarida yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilik ekanligi, qolaversa, unga yaxshiligining savobi bir necha karra ko‘paytirib berilishi borasida aytiladi:
«Kim bir yaxshilik keltirsa, unga u(yaxshiligi)dan ko‘ra xayrliroq (mukofot) bor» (Qasos surasi, 84-oyat).
Ramazoni sharif ostonasida turibmiz. Alloh taoloning marhamati bilan bu oy ibodat, zikr, Qur’on xatmi, xayru ehson va duolar oyidir. Xolis niyat ila barchamiz shahri Ramazon ro‘zasini tutib, duolar qilsak, xayr-ehson, zakotlarni ado etsak va Parvardigordan barcha hojatlarimiz qatori ushbu ofatdan tezroq xalos etishini so‘rasak Yaratgannning O‘zi madadkor bo‘ladi, inshalloh.
Fursatdan foydalanib, barcha mo‘min-musulmonlar, yurtdoshlarimizni ulug‘ ayyom Ramazon oyi bilan muborakbod etamiz. Alloh taoloning O‘zi tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va ikki dunyo yaxshiliklarini ato qilsin.
Zayniddin EShONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi