7 apreldan 8 aprelga o‘tar kechasi Baroat kechasi. Bu kechada qanday amallar amalga oshirilishini bilasizmi?
Muborak Ramazon oyi kelishidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bellarini ibodatga mahkam bog‘lar edi. U zot odatdagi ibodatlariga qo‘shimcha yana ibodat qilar edi. Nafaqat o‘zlari, balki ummatlarini ham bunga jalb qilar edi.
U zot sollallohu alayhi vasallam muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish uchun sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasida ibodat qilishga va uning kunduzida ro‘za tutishga targ‘ib qilgan. Bu borada faqat til ila targ‘ib qilish bilan kifoyalanmasdan, balki sollallohu alayhi vasallam amaliy tarzda o‘zlari hammadan oldin bu maydonda namoyon bo‘lar edi. Chunonchi, bu oy kelishi bilan u zotning ibodatlarida odatdan tashqari o‘zgarish ko‘zga tashlanar edi. Buni Oisha onamizning rivoyatlaridan bilib olsak ham bo‘ladi.
Oisha onamiz aytdilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa oylarda sha’bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganlarini ko‘rmadim” (“Sahihi Muslim”).
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sha’bon oyida ko‘p ro‘za tutganlarga dalil qilib, alloma imom Navaviy bu oyda ro‘za tutishni sunnat deb aytganlar.
Sharafli sha’bon oyida fazilati ulug‘ va muborak bir kecha bor. Bu haqda hadisi shariflarda to‘liq ma’lumotlar kelgan. Ularni o‘rganib, hayotimizga tatbiq etish biz musulmonlarning vazifasidir. Unda bizlar uchun ikki dunyo saodati bor.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “(Ey Oisha) bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” dedilar. Men “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim.
“Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha O‘zining bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat qiladi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilar qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi”, dedilar.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va to tong otgunicha “Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon (deydi)” dedilar”.
Ibn Moja rivoyat qilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
“Beshta kechani kim tiriltirsa (bedor o‘tkazsa), jannat unga vojib bo‘ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va sha’bonning o‘n beshinchi kechalaridir”, dedilar.
Hadisi sharifda sanab o‘tilgan kechalar:
1. Sakkizinchi zulhijja kechasi;
2. To‘qqizinchi zulhijja kechasi;
3. Qurbon iydi kechasi;
4. Fitr iydi kechasi;
5. O‘n beshinchi sha’bon kechasi.
Ushbu beshta kechaning biri baroat kechasidir. Bu ulkan fazilat va saodatga to‘la kechada Mavloimiz Alloh taolo “So‘ranglar! So‘rganlaringizni berishga tayyorman”, deydi. Shuning uchun u kechani bedor o‘tkazib, duolar qabul bo‘ladi, degan e’tiqodda duo qilishimiz lozim.
Muftiy Muhammad Shafi’ rahmatullohi alayh aytadilar: “Yuqoridagi hadislardan bu kechaning fazilatlari ma’lum bo‘lganidek, musulmonlarga bu kechada quyidagi amallarni qilish sunnat ekani ma’lum bo‘ladi:
1. Kechani bedor o‘tkazib, namoz va zikr, tilovatga mashg‘ul bo‘lish;
2. Alloh taolodan mag‘firat, oqibat va o‘zining dunyo-yu oxiratdagi maqsadlarining hosil bo‘lishini duo qilib so‘rash”.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, ushbu kecha uchun biror xos ibodat tayin qilinmagan. Kimning kuchi qancha vaqt Alloh taoloni yod etishga qodir bo‘lsa, o‘shancha vaqtni Qur’on va hadis tilovati bilan yoki ularni eshitish bilan o‘tkazish lozim.
Demak, qaysi ibodatni qilish oson bo‘lsa, o‘sha qilinadi. Baroat kechasida o‘qiladigan nafl namozlar biror hay’atga ega emas (ya’ni birinchi, ikkinchi rak’atlarida falon-falon suralar o‘qiladi, deyilgan joyi yo‘q).
Baroat kechasining qaysi qismini bedorlikda o‘tkazish afzal?
Bu borada Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh quyidagilarni aytadilar: “Shu o‘rinda
kechaning qaysi birida turish ziyoda fazilatli ekani haqida Qur’on va hadisda bayon qilingan. Ularga ko‘ra kechaning oxirida bedor bo‘lish mushkul va eng fazilatlidir. Chunonchi, Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
«Albatta, tungi ibodat salmog‘i ko‘proq va qiroati to‘g‘riroq bo‘lur» (Muzzammil surasi, 6-oyat).
“Nashiatul layl”ni “Jalolayn”da bir uxlab turgandan keyin ibodatga qoim bo‘lish deyilgan. Chunki bu vaqtda turish mashaqqatli bo‘lib, u vaqtda qilingan ibodat juda qadrli bo‘ladi. Ushbu haqiqat mazkur suraning oxirgi oyatidan ham ma’lum bo‘ladi:
«Albatta, Robbing kechaning uchdan biridan ozrog‘ini, yo yarmini, yo uchdan birini qoim bo‘lib o‘tkazayotganingni va sen bilan birga bo‘lganlardan ham bir toifa (shunday qilayotganlarini) biladir. Va Alloh kechayu kunduzni O‘zi o‘lchaydir. U sizlarning buni hech uddalay olmasligingizni bilib, sizlarga (yengillikni) qaytardi. Endi Qur’ondan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar” (Muzzammil surasi, 20-oyat).
Bedor o‘tkazish kerak bo‘lgan kechalarda bedor bo‘lib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish mustahab amaldir. Shuning uchun bu amalni o‘z xonadonida oila a’zolari bilan qilish yaxshi va a’lodir. Ushbu kechalarni bedor o‘tkazish uchun masjidlarda to‘planish mumkin emas. Faqihlar fazilatli kechalarda, jumladan, baroat kechasida masjidlarda to‘planishni makruh sanaganlar.
Baroat kechasida (7 apreldan 8 aprelga o‘tar kechasi) xufton va bomdod namozi o‘rtasida nafl ibodatlarini ado qilishga e’tibor qilish lozim. Ibodat qila olmasa ham, gunohlardan saqlanishga qattiq e’tibor qaratish, xususan, bu kechaning fazilatlaridan mahrum qiladigan gunohlardan saqlanish zarur. Bu kechada tavba va istig‘for aytishga e’tibor qilib, har hil bid’atlardan saqlanish kerak. O‘zi va barcha ummat uchun xayrli duolar qilish, toqat yetgunicha zikrlar, nafllar, tilovati Qur’onlar qilish, imkon topgan kishilar sha’bonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tutishi baroat kechasining muhim fazilatlari sanaladi.
Zayniddin EShONQULOV,
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati bo‘yicha vakili,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi