Pensionerning roziligisiz pensiyani naqd pul shaklidan plastik karta shakliga o‘tkazish mumkinmi?

Men pensiyamni nakd olib kelayotgan edim. Yaqinda mahallamizga bank xodimlari har galgidek pensiyalarimizni olib kelishdi. Borsam, ro‘yxatda mening ism-familiyam yo‘q ekan. Nima uchun, desam sizni pensiyangizni plastik kartaga o‘tkazishgan, deyishdi. Mening roziligimsiz shunday qilishlari mumkinmi?
Yurist javobi:
- Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 140-bandiga ko‘ra, pensionerlarga pensiya va boshqa to‘lovlar Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati hamda pensiya va boshqa to‘lovlarni yetkazib berish yuklatilgan tashkilot yoki tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnoma (kelishuv) asosida pensionerning xohishiga ko‘ra doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidagi pensiya va boshqa to‘lovlarni yetkazib berish yuklatilgan tashkilot yoki tijorat bankning sayyor kassalari tomonidan naqd pulda yetkazib beriladi (topshiriladi. Yoki pensionerning xohishiga ko‘ra, pul mablag‘larini bank kartasiga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.
Yuqoridagi qoidaga ko‘ra, pensiyani naqdsiz shaklda plastik karta orqali to‘lash faqat sizning roziligingiz bilan amalga oshirilishi kerak.
Ushbu holatda siz pensiya to‘lovini naqd pul shaklida olish uchun ariza bilan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qilishingiz lozim. Bunda ushbu ma’lumotlar tijorat banklari tomonidan o‘zaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron tarzda Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi.