Nogironlik pensiyalari murojaat talab etmasdan tayinlanadi

Prezidentimiz 2025 yil 27 may kuni “Nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashda proaktiv xizmatlarni joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashning quyidagi soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

- Fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan “proaktiv” (jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz vakolatli organlar tashabbusi bilan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari) shaklda tayinlash. Bunda fuqaroga “proaktiv” shaklda tayinlangan pensiyalarni rad qilish huquqi beriladi.

- Ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlash.

- Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdorini har 2 yilda “proaktiv” shaklda qayta hisoblash.

2025 yil 1 oktyabrdan davlat pensiya ta’minotiga oid hamda AT “Xalq banki” tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshiriladi.

Husniddin SAPAROV,

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.