Faqat pasport bilan pensiyaga chiqish uchun ma’lumotlar raqamlashgan bo‘lishi lozim
Siz pensiya yoshiga yaqinlashdingiz va ortiqcha ovoragarchiliklarsiz pensiyaga chiqishni xohlaysiz. Buning uchun nima qilish kerak? Pensiya jamg‘armasi axborot xizmati bu haqda ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, dastlab, mehnat faoliyat davrlaringiz to‘liq raqamlashganini tekshirishingiz kerak. Bu jarayon my.gov.uz portali orqali amalga oshiriladi.
Agarda siz hozirda ishlayotgan bo‘lsangiz o‘z ish beruvchingizdan oldingi mehnat faoliyat davrlaringizni raqamlashtirilgani yoki yo‘qligini so‘rab bilishingiz mumkin.
Sizning hisobingiz bo‘yicha mehnat faoliyatingizning biror bir davri raqamlashtirilmagan bo‘lsa, bu masalada siz shu tashkilotga murojaat qilsangiz ham bo‘ladi.
Tashkilot tugatilgan bo‘lsa-chi?
Agar siz ishlagan tashkilot yopilgan bo‘lsa, mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarini «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi («YaMMT» IDAK)ga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi (birja)ga murojaat qilish orqali kiritish mumkin.
Ishlamayotgan fuqarolar mehnat faoliyatidagi davrlarni qanday raqamlashtirishlari mumkin?
Bugungi kunda hududlarda Kambag‘allikni qisqartirish va banlikka ko‘maklashish bo‘limlar (birjalar) mavjud bo‘lib,
ishlamayotgan fuqarolar mazkur birjalarga murojaat qilib, raqamlashtirish xizmatlaridan bepul foydalanishlari mumkin.
Yuqoridagilar to‘liq bajarilgan taqdirda fuqarolarga pensiya muammosiz tayinlanadi.