Ayollar uchun pensiya yoshi kamaytirilishi mumkin
Bu haqidagi loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
O‘zbekistonda ayollar uchun pensiya yoshini kamaytirish bo‘yicha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan yangi loyihada 20 yillik mehnat stajiga ega ayollarga pensiyani erta tayinlash va ayrim xizmatlarni murojaatsiz ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishlab chiqqan taklifga ko‘ra, 20 yillik mehnat stajiga ega ayollarga pensiya umumiy yosh chegarasidan 1 yil oldin tayinlanishi mumkin.
Loyihada 1 iyundan boshlab pensiya ta’minoti sohasidagi ayrim xizmatlarni fuqarolarning alohida murojaatisiz, proaktiv shaklda amalga oshirish ham nazarda tutilgan. Jumladan, shtat qisqarishi, ish hajmining kamayishi yoki korxona tugatilishi sababli ishdan bo‘shatilib, ishsiz deb topilgan fuqarolarga pensiya umumiy yoshdan 2 yil oldin tayinlanishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab Pensiya jamg‘armasi fuqarolardan qog‘oz shakldagi hujjatlar va ma’lumotlarni qabul qilishni to‘xtatishi ko‘zda tutilgan. Bu esa pensiya xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish jarayonining bir qismi sifatida baholanmoqda.