Bibisora Oripova “Inson faxri” mukofoti sohibasi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida mamlakatimizda ilk bora tashkil etilgan “Inson faxri” milliy mukofotining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu mukofot orqali aholi orasida o‘zaro hurmat, insoniylik va yordam ko‘rsatish madaniyatini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.
El dardi bilan yashaydigan, atrofdagilarga ko‘mak berib, hayotini ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar turmushini yaxshilashga, o‘z irodasi bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan insonlarni taqdirlashni niyat qilgan ushbu mukofotga ega bo‘lganlar orasida samarqandlik fidoyi opa Bibisora Oripova ham bor.
Bibisora Oripova Samarqanddagi “Rahmdillik” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari. Qariyb 30 yillik faoliyati davomida turli noxush vaziyatlarda qolgan, turmush sinovlarida qaddi egilgan minglab xotin-qizlarga yordam ko‘rsatib, ularga o‘z yo‘lini topishga yordam bergan.
Shuningdek, mukofotlanganlar orasida yil shifokori, yil sportchisi, yil hunarmandi kabi 11 yo‘nalishda yilning qahramonlari taqdirlandi.
G‘oliblarga “Inson faxri” milliy mukofoti statuetkasi, diplomi, pul mukofotlari tantali tarzda topshirildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etib, g‘oliblarni ushbu yuksak e’tirof bilan qutladi.