Dunyoda har uchinchi ayol zo‘ravonlikka uchramoqda

Osiyo xotin-qizlar halqaro forumi bu kabi illatlar kamayishiga qaratilgan Samarqandda “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan tadbirda 30 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, milliy ekspertlar va mutasaddilar ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.

- Bugungi kunda Osiyo mintaqasining jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni tobora ortib bormoqda, - dedi T.Norboyeva davlat rahbari murojaatidan so‘ng o‘z ma’ruzasida. - Jumladan, dunyo iqtisodiyotida eng katta ulushga ega davlatlar aynan Osiyo mintaqasida joylashgan. Taraqqiyotning bunday yuksak darajasiga erishishda ayollarning rolini, ularning katta hissasini inkor etib bo‘lmaydi. Shu ma’noda aytish mumkinki, Osiyo qit’asi mamlakatlari xotin-qizlar haq-huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni ta’minlash borasida o‘zining boy tajribasiga ega. Osiyo mintaqasida ayollarning o‘zaro tajriba almashishi bo‘yicha ijobiy amaliyotimiz mavjud.

Yurtimizda ayollar uchun imtiyozli kreditlar, maxsus kvotalar ajratildi, magistraturada o‘qiydiganlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq davlat byudjetidan qoplab berilishini davlat o‘z zimmasiga oldi. Natijada, bugungi kunga kelib qiz bolani o‘qitmaslik, uyda o‘tirishi kerak degan stereotiplarga barham berilmoqda.

Hozirda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda.

- Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan ushbu forum o‘z vaqtida o‘tkazilayotgani uchun tashakkur bildiraman, - deydi BMT bosh kotibi o‘rinbosari, «BMT-Ayollar» tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus. - Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘zbekistonlik ayollarning huquq va erkinliklari yo‘lida olib borayotgan ishlari uchun alohida rahmatimni aytmoqchiman.

Bugun dunyo har soniyada murakkab vaziyatlarga duch kelmoqda. Aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bunday vaziyatda uning salbiy oqibatlariga eng birinchi yuzma-yuz kelayotir. Iqlim o‘zgarishi, dunyoning turli burchagida yuz berayotgan mojarolar shu tarzda davom etadigan bo‘lsa yana 158 million xotin-qizlarni qashshoqlik darajasiga tushirib qo‘yadi. Dunyoda har uchinchi ayol uyda, jamoat joylarida, ishda, turli media platformalarda tahdid va zo‘ravonlikka uchramoqda. Dunyo iqtisodiga ayollarning zo‘ravonlikka uchrashi skriminatsion ijtimoiy institutlar uchun yiliga 6 trillion AQSh dollariga tushmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, xotin-qizlarga qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyati kam taqdim etilayotir. Yosh ayollar ijtimoiy haqiqatga intilib, qator global harakatlarga bosh bo‘lmoqda, onalar o‘limi kamaymoqda. Boshlang‘ich ta’limga jalb etilayotgan qizlar soni ko‘paymoqda. Biz kun tartibiga ko‘proq «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» shiorini kiritishimiz lozim. Ammo bu kabi yutuqlar quyidagi muammolarning soyada qolib ketishiga yo‘l bermasligi kerak.

Bugun ayollar ishlab turib ham erkaklarga qaraganda 20 foizga kam daromad qilmoqda. Ko‘p hollarda ularning mehnati qonunchilik yoki tibbiy sug‘urta bilan himoyalanmagan. Bugun butun dunyo miqyosida band bo‘lgan ayollarning 60 foizi noformal iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Kam daromadli mamlakatlarda bu raqam 90 foizni tashkil etadi. Butun dunyoda ayollar 75 foiz holatda haq to‘lanmaydigan xonadonidagi ro‘zg‘or ishlarini bajaradi. Shunday bo‘lsa-da, har o‘ninchi ayol eng murakkab qashshoqlik holatida kun kechirishga majbur. Bu adolatsizlik.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish nafaqat tinchlik, balki o‘sha davlatning iqtisodiy o‘sishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, oilada ayol kishining iqtisodiy daromadga ega bo‘lishi bolalarning ta’limi va salomatligiga ham ko‘proq nazoratni olib keladi.

Anjuman o‘z ishini bugungi global iqtisodiyotda xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollari va bu boradagi tahdidlar, Osiyo qit’asidagi demografiyaning hozirgi holati va uning inklyuziv iqtisodiy o‘sishga hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ta’siri, xotin-qizlarning sifatli ta’lim, ilm-fan, raqamli texnologiyalardan foydalanishini ta’minlash va innovatsion faoliyatdagi ishtirokini kengaytirishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash kabi qator mavzularda shu’ba yig‘ilishlari bilan davom ettirdi.

Gulruh MO‘MINOVA.