Samarqandda 10 ming nafar ayol skriningdan o‘tkaziladi
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Janubiy Koreyaning KOFIH fondi hamda respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan “Respublika hududlarida odam papillomasi virusini aholi o‘rtasida tarqalganligini tekshirish va diagnostikasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot o‘tkazish masalalari” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Anjumanda sog‘liqni saqlash vazirligi, Janubiy Koreyaning KOFIH fondi vakillari, shifokorlar qatnashdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 604 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, shulardan 342 mingtasi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi.
Ta’kidlanishicha, jahonda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni tufayli o‘limdan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi o‘rinda turadi.
Globocan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 1863 nafar ayolda bachadon bo‘yni saratoni aniqlanib, ularning 42 foizdan ortig‘i vafot etadi. Ushbu o‘limlarning aksariyati tashxisni kech qo‘yish natijasida ro‘y beradi. Bachadon bo‘yni saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi sabablarning asosiysi (98-99 foizi) odam papilloma virusi (OPV) hisoblanadi.
Bachadon bo‘yni saratoni har qanday yoshdagi ayollarda uchraydigan xavfli va keng tarqalgan kasallikdir. Kasallikning avj olishi 45-55 yoshga to‘g‘ri keladi. Bachadon bo‘yni saratoni to‘liq oldini olish mumkin bo‘lgan yagona saratondir. U asta-sekin rivojlanadi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, epidemiologik vaziyat monitoringini olib borish maqsadida Virusologiya ITI va Janubiy Koreyaning KOFIH fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahri, Samarqand va Andijon viloyati ayollari o‘rtasida odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo‘yni saratoni kasalligi diagnostikasi bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihaga ko‘ra, Samarqand viloyatida 10 ming nafar ayol skriningdan o‘tkaziladi. Loyiha 2023 yilning dekabr oyiga qadar davom etadi.
Viloyat bo‘yicha ayollar Samarqand shahridagi beshta poliklinikada bepul skriningdan o‘tkaziladi. Skrining tekshiruvi uchun zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirilgan.
Xurshida Ernazarova.