Oila – qo‘sh ustunli ayvon
Bugungi ayol qanday nafas olyapti? Uning o‘y-xayollari, maqsad va rejalari nimalardan iborat? Jamiyat ayoldan nima kutayapti-yu ayolning jamiyatdan qanday ilinjlari bor?
Xotin-qizlarning ta’lim olishidagi imtiyozlar, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalalarida olib borilayotgan ishlar haqida ko‘p gapirilyapti. Shu tadbirlarning barchasi oilaning xotirjamligi, oiladagi bir butunlikni saqlash uchun yetarli bo‘lyaptimi? Shu va oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onga tegishli masalalar haqida viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebo Saidova bilan suhbatlashdik.
- Davlatlar turli maqomga ega bo‘lishi, turli jamiyatlar shakllanishi va rivojlanishi mumkin, ammo oila instituti mexanizmi butun dunyoda bir xil ishlaydi, nazarimda, – deydi Z.Saidova. - Oiladagi totuvlik, farzandlar tug‘ilishi va ularni tarbiyalashda er-xotinning birday ishtiroki bugun har qachongidan ko‘ra muhim shartlardan biridir. Totuvlikning esa qator o‘ziga xos mezonlari mavjud bo‘lib, shu masalada jamiyatning e’tibor va imtiyozlari muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalo, oilada totuvlikni ta’minlashda er-xotinning ishli bo‘lishi, ya’ni ro‘zg‘orini uddalay olishi lozim. Oila a’zolarining salomatligi, kasb bilan ta’minlanishi uchun sharoitlar, ta’lim olish kabi masalalar ushbu e’tiborning bir ko‘rinishidir.
- Kasb-hunar o‘rganish, ilm olishga barcha sharoitlari mavjud oilalar e’tiborga muhtoj emasdir. Ammo ijtimoiy himoyaga muhtoj holda ro‘zg‘or yukini torta olmayotgan oilalar ahvoli nima bo‘ldi?
Bu masalada bir necha yildan beri amaliyotda qo‘llanilayotgan “Ayollar daftari” ko‘makka muhtoj xotin-qizlar uchun o‘ziga xos manzilli yordam platformasiga aylandi. Aytish joizki, mazkur “daftar”ga faqat boquvchisini yo‘qotgan ayollarni emas, balki qiyin vaziyatga tushib qolgan har qanday oila bekasini kiritish orqali va ular belgilangan imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
O‘tgan yili shunday ayollarning 104 034 nafariga yordam ko‘rsatildi. Xususan, 38 ming 758 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 2994 nafar tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning 2540 nafariga tikuvchilik yo‘nalishida 29 milliard 334 million so‘m, 83 nafariga ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish uchun 1 millirad 95 million so‘m, 325 nafar xotin-qizlarga boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 4 milliard 192 million so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.
Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand 28 ming 632 nafar xotin-qizga 12 milliard 502 million so‘m mablag‘ berildi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan 159 nafar xotin-qizning uy-joyini ta’mirlash uchun 839 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand 89 nafar xotin-qizlar uy-joy bilan ta’minlandi.
- Oilalardagi xotirjamlik bugun faqatgina moddiylikka borib taqalmayotgani ko‘rinib qoldi. Bunday notinchliklar ildizi nimalarga borib taqalyapti, sizning nazaringizda?
- Albatta, uydagi janjallarning aksariga moddiyatlik sabab bo‘layotgani yo‘q. Xorijga ketib, oilasiga qaytmayotganlar yoki turli ho-yu havaslarni deb bir-biri bilan tortishayotgan qudalar, qandaydir jihozlar, hashamat uchun yoshlar ajralishga sababchi bo‘layotgan kattalar ham, afsuski, ko‘p.
Yuqorida ta’kidlaganimday, insoniyat yaratilgandan beri oiladan ulug‘roq makonni kashf etmagan bo‘lsa, oilaning ma’naviy ustuni bo‘lmish kitobdan yuksakrok ixtiro ham yo‘q. Shuning uchun mamlakatimiz rahbari, mana, bir necha yildan beri kitobxonlikni targ‘ib qilish yuzasidan yirik miqyosdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yosh kitobxonlar, kitobxon oila, kitobxon ona tanlovlari muntazam o‘tkazilmoqda. Kitob o‘qigan oila a’zolarida mayda-chuyda gaplar, hashamatga mukkasidan ketish baribir kamroq uchraydi, buni tan olish kerak.
Ayniqsa, keyingi yillarda xotin-qizlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi imtiyozlar kitobxonlik anjumanlarining uzviy davomi bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman.
Quyidagi raqamlarga e’tibor bering. Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida har yili 150 nafar xotin-qizning bir yillik to‘lov shartnoma pullari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.
Shuningdek, “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida” gi qaror asosida 2024 yilda 358 nafar xotin-qizga tavsiyanomalar berildi.
Bu kabi imtiyozlar, qolaversa, oliy ta’lim muassasalari soni ortishi hisobiga oliy ta’limda o‘qiydigan talabalar orasida xotin-qizlar ulushi 2023 yilda 49 foiz, 2024 yilda 50 foizga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichlar bundan besh yil avvalgidan ikki baravar ko‘p.
- Bu masalaning bir tomoni...
- To‘g‘ri, bu choralar qaysidir ma’noda yaqin kelajak uchun qo‘yilgan qadamlar. Ammo bugun, ayni chog‘da muammolari bor oilalar bilan ishlashning o‘ziga xos tizimlari mavjud. Oiladagi muammolarning oldini olishdan avval yosh oilalarga bu muqaddas dargohning qadriyatlari, ilmi haqda tushuncha berish lozim.
Qizlarni erta turmushga uzatish va erta tug‘ruq bilan bog‘liq holatlarning oldini olish maqsadida ta’lim va sog‘liqni saqlash, sohalari mas’ullari bilan hamkorlikda o‘rganishlar o‘tkazilib, 32 ta erta nikohning oldi olindi. Ajrim yoqasidagi 1567 ta oila bilan manzilli ishlar olib borilib, 1384 oila yarashtirildi.
- Afsuski, keyingi yillarda tahdid va zo‘ravonlikka uchrayotgan xotin-qizlar, o‘z joniga qasd qilayotgan yoki aksincha, o‘zlari jinoyatchilik ko‘chasiga kirib qolayotgan xotin-qizlar ham ko‘paymoqda...
- Mamlakatimiz rahbari tomonidan aynan shu masala bo‘yicha yaqinda mas’ullarga qator vazifalar belgilab berildi. Shundan kelib chiqqan holda hududlarda ichki ishlar bo‘limlarining xotin-qizlar bilan ishlaydigan inspektorlari, mahalla yettiligi hamkorligida jamoatchilik bilan muammolari bor xonadonlarga kirib, ularning notinchligi sabablari o‘rganilmoqda. Hozircha ikki tumanda shunday xatlov amalga oshirildi, mart oyi oxiriga qadar barcha shahar va tumanlarda oilasida notinchligi bor yoki jinoyatchilikka moyilligi mavjud oilalar o‘rganib chiqiladi.
Umuman olganda, bu ish doimiy e’tiborda bo‘lib, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida profilaktik hisobda turgan 711 nafar ayollar bilan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili 2033 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi, ularning muammosi hal etilib, 1008 ta oila yarashtirildi.
- Tabiiyki, qisqa suhbat davomida oiladagi barcha masalalarni qamrab ololmaymiz. Bugun oila xotirjamligida eng asosiy jihat sizningcha nimada?
- Kishi qachon band bo‘lib, barqaror ish bilan shug‘ullansa, oilasi farovon bo‘lsa, o‘shanda o‘ziga nisbatan ishonchi ortadi, jarayonlarga, keng ko‘lamli islohotlarga daxldorlik hissini tuyadi.
Qolaversa, bandligi ortidan kelgan daromadiga oilasini boqadi, turmushi farovon bo‘ladi, orzu-havaslariga erishadi. Juda ko‘p oila a’zolari bilan suhbatlashganimizda, ularning muammolarini o‘rganganimizda shu narsaga amin bo‘ldikki, izlangan, mehnat qilgan inson hech qachon xor bo‘lmas ekan. Taqdir taqozosi bilan turli qiyin vaziyatlarga tushib qolganda ham kishi o‘zligini yo‘qotmay, yaxshilikka intilib yashar ekan, uni qo‘llovchilar albatta topiladi. Xalqimizning topib aytgan bir maqoli bor: “Oila – qo‘sh ustunli ayvon”. Ya’ni, oilaning mustahkamligi er va xotinga birday bog‘liq. Ikkisining intilishi, orzu-umidlari, sa’y-harakati, ma’naviyati uyg‘un kelsa bu oilani hech qanday qiyinchilik yenga olmaydi. Bu yo‘lda esa har bir inson o‘zini taftish qilishi, o‘z ustida ishlashi, hayotini yaxshilashga intilishi lozim.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.