Qabul jarayonlari, attestatsiya va nazoratdagi oshkoralik korrupsiya "eshik"larini yopadi
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali va ta’sirchan yo‘li bu – faoliyatning har bir bosqichida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash hisoblanadi.
Bugungi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlarida ham ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, vazirlikda Korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy-nazorat boshqarmasi, hududlarda va tizim tashkilotlarida uning bo‘linmalari tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi va rejasi tasdiqlanib, ijroga qaratildi. Xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga, xodim mehnat shartnomasi bo‘yicha o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda, korrupsiyaviy xatti-harakatlarda qatnashmaslik, o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik kabi qator majburiyatlar bo‘yicha o‘zgartirish kiritildi.
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish uchun tizimda raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, maktabgacha ta’lim tizimida ham ushbu illatga qarshi kurashish maqsadida tizimli ishlarga qo‘l urildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tarbiyalanuvchilarni bog‘chaga qabul qilishning elektron tizimi yaratilib ota-onalar tomonidan farzandini bog‘chaga qabul qilish va farzandini navbatini kuzatib borish imkoniyatlari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, tarbiyalanuvchilarni xavfsiz va sifatli ovqatlantirish maqsadida barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari to‘liq autsorsing tizimiga o‘tkazildi. Shuningdek, muassasalarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sanitariya-epedimiologiya va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamkorligida yagona mavsumiy taomnoma yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda ota-onalar tomonidan banklarda yoki turli kassalarda navbat kutmasdan onlayn tarzda uydan turib bolalari bog‘chasi uchun to‘lanadigan badal pullarini telefondagi CLICK yoki PAYme ilovalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lab borish imkoniyatlari yaratildi.
Shu bilan bir qatorda maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning bog‘chaga kelib ketishi, ularga yoziladigan ish haqi tabellari elektron tarzda yuritiladi. Bolajonlarga beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti kirim chiqimlari bosqichma-bosqich “Bolalar bog‘chasi axborot tizimi” elektron platformasi orqali raqamlashtirilib borilmoqda.
Xabaringiz bor, shaffoflikni ta’minlash maqsadida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab 1-sinfga qabul va o‘quvchilar harakati bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish raqamlashtirish boshlandi. Viloyatimizda dastlab Samarqand shahrida, keyin Kattaqo‘rg‘on shahri, 2025-2026- o‘quv yilidan boshlab Toyloq va Samarqand tumanida onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu hududlarda birinchi sinfga qabullar my.maktab.uz va my.gov.uz platformalari orqali amalga oshirildi.
Biroq shunga qaramasdan joriy yilda viloyatda bir qator maktablarda 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilishda qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Boshqarmaning korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘’basi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 3 nafar tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining xodimlariga, 29 nafar maktab direktorlariga, 24 nafar maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlariga nisbatan mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Xabaringiz bor, ikki yildirki, pedagoglar attestatsiyasi sinovlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida vazirlik tomonidan onlayn o‘tkazib kelinmoqda.
Shunga qaramasdan ayrim pedagog-xodimlar turli qing‘ir yo‘llar bilan attestatsiyadan yuqori ball to‘plab o‘tishga urinish holatlari ham uchrab turibdi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘’basi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda attestatsiya jarayonlariga turli taqiqlangan elektron qurilmalar olib kirishga uringan 9 nafar pedagog aniqlanib, attestatsiyadan chetlashtirildi va ularning harakatlariga huquqiy baho berish uchun ichki ishlar organlariga topshirildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘’basi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida tizimdagi tashkilotlarda qarindosh-urug‘chilik, ya’ni nepotizm ko‘rinishida ishlab kelayotgan tashkilot rahbarlari aniqlandi. Xususan, joriy yilda 74 ta ta’lim tashkilotida shunday holatlar aniqlanib, ushbu holatlar qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etildi.
Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida boshqarmaga maktab va bog‘chalarda sovg‘a-salom va boshqa maqsadlarda pul yig‘ish bilan bog‘liq bir qator murojaatlar kelib tushgan. Mazkur holat viloyat tashkiloti mutasaddilari tomonidan o‘rganilganida, ularning aksariyati ota-onalar tashabbusi bilan turli bayram tadbirlari tashkil etish maqsadida yig‘ilganligi aniqlandi.
Aksariyat holatlarda sovg‘a berish tashabbusi aynan ota-onalar tomonidan chiqayotganligini inobatga olib, ulardan maktab rahbarlari va o‘qituvchilarga bayramlar va tug‘ilgan kunlar bahonasida sovg‘alar tashkil qilmaslikni, turli xil pul yig‘imlariga yo‘l qo‘ymaslikni so‘raymiz.
O‘qituvchi uchun shogirdining muvaffaqiyati va yutuqlari eng katta sovg‘adir!
Bu borada biz ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik a’zolarini korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashishga, ushbu illatni ta’lim tizimidan butunlay chiqarib tashlash uchun biz bilan hamkorlik qilishga chaqiramiz!

Muzaffar Hamdamov,
viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.