Urgutdagi maktablarni 231 nafar o‘quvchi oltin medal bilan bitirdi

2024/2025 o‘quv yilida tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 6494 nafar o‘quvchi yoshlar bitirdi.
Ular orasida 231 nafar bitiruvchi maktab ta’limini oltin, 47 nafari kumush medal bilan yakunladi. Shuningdek, o‘quv yili davomida 287 nafar bitiruvchi turli darajadagi xorijiy til bilish sertifikatlarini, 450 nafari esa milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Bitiruvchilarga medallarni topshirish marosimida tuman hokimligi mas’ullari va tuman faollari ishtirok etib, iste’dodli yoshlarni tabriklab, ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirdilar.
- Yakunlangan o‘quv yili tumanimiz ta’lim tizimi uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi, - deydi Urgut tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Elyor Po‘latov. - O‘tgan o‘quv yilida 145 nafar bitiruvchimiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlagan edi. Bu yil ushbu raqam ancha oshdi.
Bundan tashqari, bitiruvchilarmiz orasida muddatidan avval turli xorijiy oliy ta’lim muassasalarini talabasi bo‘lganlar soni ham ko‘paydi. Masalan, 49-maktab bitiruvchisi Aminjon Obloyorov bir vaqtning o‘zida dunyoning TOP-300 va TOP-500 talik reytingidan o‘rin olgan AQShdagi 7 ta oliygohning 560 ming dollarlik grantini yutib, muddatdan oldin o‘qishga qabul qilindi.
Respublika fan olimpiadasining viloyat bosqichida o‘quvchilarimiz o‘tgan yil 6 ta sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu yil 8 ta faxrli o‘rinlarni egalladi.