Qaysi hududlarda o‘quvchilar maktabga avtobusda bepul qatnaydi?

Yangi o‘quv yilining boshida ijtimoiy tarmoqlarda maktabga ketayotgan o‘quvchilarni pul to‘lamaganligi uchun avtobusga chiqarmaganligi aks etgan videoxabar tarqaldi. Holat Paxtachi tumanidagi Fay mahallasi Nazarobod qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi. Nega maktab o‘quvchilariga shart-sharoit yaratilmaydi.? Ular kelajagimiz ertasi, degan mazmundagi fikrlar bildirildi. 

O‘sha kuni viloyat hokimligi tomonidan maktab o‘quvchilari uchun bepul avtobus ajratildi. Bu bilan bir muammo yechim topdi. Ammo bizda yana bir savol paydo bo‘ldi. Xo‘sh, viloyatimizning boshqa chekka hududlarida maktabga qatnovchi bolalarga ham avtobus ajratilganmi?

Darhaqiqat, Prezidentimizning 2025 yil 30 yanvarda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”dagi farmoni bilan Samarqand va Jizzax viloyati hokimliklari, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ulligida “Chekka va olis hududlarda istiqomat qiluvchi o‘quvchilarning ta’lim muassasalariga bepul, xavfsiz va muntazam transport xizmati bilan qamrab olish” topshirig‘i belgilangan.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi va viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, tegishli idoralar, mas’ullar hamda maktab direktorlari bilan hamkorlikda 2025 yilning iyun-iyul oylari viloyatning barcha hududlaridagi jami 1276 ta maktab va 185 ta maktab filiallari o‘rganib chiqilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Qo‘shrabot tumanidagi olis hududlarga avtobus ajratishga kelishilgan. Qo‘shrabot tumanida 88 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, shundan 31 ta maktabda 45 ta maktab filiali faoliyat yuritadi. Ushbu filiallarda 822 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 45-bandiga ko‘ra, Qo‘shrabot tumanidagi 17 ta maktabning 21 ta filiali o‘quvchilarining asosiy maktablarga qatnovini ta’minlash uchun avtobuslar ajratilgan. Ushbu ajratilgan 17 dona “ISUZI” rusumli 16 o‘rindiqli avtobuslar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqsodiyot va moliya vazirligi mas’ulligida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan 13 milliard 90 million so‘mga sotib olingan.

Ilgari tumandagi Do‘stlik mahallasi o‘quvchilari maktabga borish uchun uch kilometr masofani bosib o‘tishgan.

- Bolalarim maktabga ketsa, xavotir olardim, qor, yomg‘irda qolib ketardi, - deydi ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Nigora Sa’dullayeva. – Endi ertalab ularni soat 07:30 da bekatga olib kelaman, avtobus olib ketadi. Darslar tugagach, soat 12:00 da avtobus bolalarni maktabdan olib keladi. Biz ota-onalar bolalarimizdan xavotir olmaydigan bo‘ldik.

- Maktabimizga o‘quvchilar to‘rtta qishloqdan keladi, - deydi tumandagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori To‘lqin Rahmonov. – Hozir 230 nafar o‘quvchimizdan 110 nafariga avtobuslar xizmat qilyapti. Ikki navbatda 55 nafardan o‘quvchi avtobusda maktabga qatnayapti.

Mazkur maktablarga ajratilgan avtobuslarning kundalik xarajati mahalliy budjet hisobidan ta’minlanadi.

Shuningdek, bugungi kunda Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Narpay, Nurobod, Oqdaryo va Urgut tumanlaridagi jami 640 ta maktab ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish jarayonida transport qatnoviga ehtiyoji bor maktablar aniqlanib, ularga ham avtobus ajratish rejalashtirilgan.

Xurshida ERNAZAROVA.