Maktab va bog‘chalar kuz-qish mavsumiga tayyormi?

Havoning borgan sari sovib borishi ijtimoiy soha ob’yektlarida, jumladan, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida isitish tizimidagi muammolarni yuzaga chiqaradi. Agar maktablar kuz-qish mavsumiga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rsa, o‘quvchilar issiq xonalarda ta’lim olishlari mumkin. Bunga e’tibor berilmasa, unda yuzaga keladigan holatni tasavvur etish qiyin emas.
Xo‘sh, Past Darg‘om tumanidagi maktab va bog‘chalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Quyosh panellari hamda elektr tejovchi qurilmalardan, isitish tizimlaridan foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar qoniqarlimi?
Xususan, kuz-qish mavsumiga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rish borasida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli muassasalarning hammasida ham holat bir xil emas. Hozirda jami 130 maktabdan 128 tasiga qish mavsumida isitish maqsadida 4194 tonna ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilgan. 55 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 3 tasi tabiiy gaz bilan isitiladi. Qolganlari 2004 tonna ko‘mir bilan ta’minlangan. 2 ta maktab va 3 ta bolalar bog‘chasida 50 KVt quyosh panellari o‘rnatilgan. Tuman markazidagi 21, 27- hamda 1-IDUM tizimlari tabiiy gaz yordamida isitiladi. 1, 2, 50-bolalar bog‘chalarining qozonxonlari tabiiy gazga moslashgan. Ammo hududgaz tuman filialidan qarzdorligi sababli tarmoqdan uzib qo‘yilgan.
Qatorterak mahallasida joylashgan 17-umumta’lim maktabida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilgan. Ko‘mir saqlanadigan ombor yo‘qligidan g‘amlangan 40 tonna ko‘mirning usti loysuvoq qilingan.
- Joriy yilning iyul oyidan boshlab kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladik, - deydi maktabning xo‘jalik ishlari bo‘limi mudiri Gulnor Nurimova. – Har bir sinf va qo‘shimcha xonalardagi isitish tarmoqlarini ko‘zdan kechirib, sinovdan o‘tkazib olganmiz. Bir oy ilgari ko‘mir ham olib kelib, ustini suvoq qildik. Shuningdek, 10 kubga yaqin o‘tin ham jamlab qo‘ydik. 4 ta isitish qozonlaridan 3 ta yangi o‘rnatildi.
Ikki oy ilgari o‘rnatilgan 10 KVtlik quyosh panellari 3 fazali elektr tarmoqqa ulanmaganligi sababli ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi. Isitish tizimlari sinovdan o‘tkazilganida sport zaldagi tizimi yaroqsiz bo‘lib qolgani aniqlandi. Sovuq kunlari jismoniy tarbiya darslarini o‘tayotgan o‘quvchilarning shamollab, kasal bo‘lib qolmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Muassasa 768 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, sinfxona yetishmaydi. Ayni vaqtda davlat dasturi asosida 360 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishi yakuniga yetkazilmoqda.
- Yangi binomizning qurilish ishlari yakunlanmagani sabab darslarni ikki smenada tashkil etyapmiz, - deydi maktab direktori Shermat Umarov. – Vaqtinchalik eski binodan ham foydalanyapmiz. O‘qituvchilar va murabbiylar kuni arafasida barcha qulayliklarga ega yangi binomiz foydalanishga topshiriladi. Ungacha sport zalning isitish tizimini ham butunlay yangilab olishga imkoniyatimiz bor.
Ko‘p yillardan buyon tumandagi 6-umumta’lim maktabida ham o‘quvchilar soni ko‘pligi sababli sinfxonalar yetishmasdi. Joriy yilda davlat dasturi asosida ta’lim maskani uchun yana 300 o‘rinli qo‘shimcha bino va yangi sport zali qurilmoqda. Qurilish loyihasi asosida qo‘shimcha 4 ta isitish qozoni va zamonaviy tizimlar o‘rnatilmoqda. Mavsum uchun 50 tonna ko‘mir saqlanmoqda.
2019 yilda Mehnat mahallasida joylashgan sobiq maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji binosi moslashtirilib, 320 nafarga yaqin o‘quvchiga mo‘ljallangan 65-umumta’lim maktabi tashkil etildi. Bugun o‘quvchilar foydalanayotgan barcha o‘quv ko‘rgazmalari va jihozlar, isitish tarmoqlari ham kollej davridan qolgan.
Yozgi ta’til vaqtida ta’mirlash ishlari olib borilganiga qaramay, ahvol qoniqarli emas. Qozonxonalarda ustalarning asbob-anjomlari saqlanmoqda. Pechlar va ularning dudburon quvurlari zanglab ketgan. Ko‘mirxona tomining shiferlari singan, ochilib yotibdi. Ne-ne umidlar bilan olib kelingan ko‘mirning “bir qismi sig‘may qoldi”, degan bahona bilan tashqariga to‘kilib usti suvoq qilingan. Bino yo‘laklaridagi isitish batareyalari tarmoqdan uzilgan. Ayrim sinfxonalar ko‘ngildagidek ta’mirdan chiqarilmaganligi ko‘rinib, turibdi. Sport zali, kiyinish va yuvinish xonalarida tizim yo‘qligi sababli qishda umuman isitilmaydi. Suhbat chog‘ida muassasa direktori D.Jabborovadan ushbu kamchiliklar haqida so‘raganimizda bu muammolar tez orada bartaraf etilishini ta’kidladi.
O‘rganishlarimizni davom ettirib, Sanchiqul mahallasidagi 123-umumta’lim maktabidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishdik.
Qozonxona o‘rnatilgan, pechlar va isitish tizimi sinovdan o‘tkazilibdi.
- Ikkita nevaram shu maktabda o‘qiydi, - deydi Rustam bobo. - 3-4 yil ilgari qishning qahraton sovuq kunlari isitish tarmog‘ida qolgan suv muzlab, tizimning ancha qismi yorilib ketgan edi. O‘shanda nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar ham juda azob chekishgan. Har bir isitish batareyasining ostiga tog‘oraga o‘tin yoqishib, muzlarni eritib olishgandi. Endi unaqa holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Maktab xo‘jalik ishlari mudiri G.Ostonova “30 tonna ko‘mir olganmiz” degan bo‘lsa-da, ko‘mirxona eshigi qulfligidan ichkarida qancha ko‘mir borligini bilolmadik. Qozonxonadagi elektr simlari ochiq holda osilib yotganini ko‘rib, ichkariga kirib ham o‘tirmadik. Ayrim sinfxonalarning polida yoriqlar bor. Maktabda faollar zali yo‘q. Sport zalining isitish tizimlari qayta ta’mirlanyapti.
Mehnat mahallasidagi 64-DMTT ham eski, bir vaqtlar xo‘jalik ma’muriyati, keyinchalik maktab bo‘lgan binoda joylashgan. Mahallaning yuzdan ziyod bolajonlari tarbiyalanayotgan bog‘chaning hududi 3 gektar maydonni tashkil etadi. Biroq muassasaga darvoza o‘rnatilmagan, atrofi esa o‘ralmaganligidan xohlagan kishi chor-atrofdan kirib kelishi mumkin. To‘rtta isitish qozoni o‘rnatilgan.
Bog‘cha mudirasi Dilbar Yorqulovaning aytishicha, yaqin kunlargacha “burjuyka” pechkalaridan foydalanishgan. Sovuq kunlari eshik va deraza romlarini “plenka” bilan yopib jon saqlashgan ekan. Yaqinda homiylar yordamida 16 ta eshik va 33 ta zamonaviy deraza romlari keltirib o‘rnatishibdi. Bog‘cha tomiga 5 KVtlik quyosh batareyalari o‘rnatilgan. Joriy yil 44 tonna ko‘mir olib kelingan.
19-DMTTda ham mavsumga tayyorgarlik ko‘rilgan. 150 nafar tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bolalar bog‘chasi 2022 yilda tabiiy gazdan uzilib, lokal isitish tizimlariga o‘tkazilgan. 2 ta qozonxona va 3 ta isitish pechlari o‘rnatilgan muassasada 35 tonna ko‘mir g‘amlab qo‘yilgan. Biroq ko‘mir saqlanishi talab darajasida emas. Chunki ko‘mirning usti suvalib, tomi yopiq bo‘lsa-da, atrofi o‘ralmagan, hamma yog‘i ochiq-sochiq holda saqlanmoqda.
Kamchiliklarni bartaraf etish uchun hali vaqt bor. Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar bu masalaga jiddiy yondashib, sovuq kunlar kelgunicha barcha o‘quv-tarbiya muassasalarida talab darajasidagi sharoitlarni yaratishadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat),
“Zarafshon” muxbirlari.