Isitish mavsumi boshlandi, uyingiz isitilyaptimi?

Viloyat hokimining qabul qilingan tegishli farmoyishiga asosan, joriy yilning 4 noyabridan boshlab viloyatda isitish mavsumi boshlandi.

Unga ko‘ra, shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat ijtimoiy soha tashkilotlari va kommunal soha korxonalarida kechayu kunduz ishlovchi shtablar tashkil qilinadi. 

Shuningdek, ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi yashash uy-joylariga, “Issiqlik ta’minoti” MChJ tizimidagi isitish qozonxonalariga uzluksiz hamda bir me’yorda tabiiy gaz, elektr energiyasi yetkazib berish hamda suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan ta’minlanadi. 

Viloyatdagi 3592 ta xonadon joylashgan 137 ta ko‘p qavatli uylar "Issiqlik ta’minoti" MChJga qarashli markazlashgan qozonxonalar orqali isitiladi. Shuningdek, 46 ta ijtimoiy soha ob’yektlari, jumladan, 5 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda bitta tibbiy poliklinika ham issiqlik bilan ta’minlanadi. 

Samarqand shahridagi Universitet xiyoboni, Lohutiy, O‘zbekiston ko‘chalarida, shuningdek, Registon hududida va Motrit massivlarida joylashgan 11 ta markaziy va lokal qozonxonalar aholiga issiqlik ta’minoti yetkazib bermoqda. Shuningdek, Nurobodda 93 ta, Bulung‘ur (18 ta) va Urgut (8 ta) tumanlarida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida joylashgan ko‘p qavatli uylar ham isishni boshladi.

Biroq, joriy yilda ishga tushishi lozim bo‘lgan qozonxonalar nega foydalanishga topshirilmadi? Ushbu mavsumda isitilishi ko‘zda tutilgan aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’yektlari rejasi bajarilmay qoldi? 

- Bir necha yildan buyon markaziy qozonxonalarda modernizatsiya va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, - deydi “Issiqlik ta’minoti” MChJ bosh muhandisi Jamoliddin Usmonov. – Shahardagi uy ichi tizimlarini yangilash, xonadonlarda isitish quvurlarini almashtirish ham yakuniga yetgani yo‘q. Chunki, ko‘zda tutilgan loyihalarga hamkorlarimiz tomonidan bir necha marta o‘zgarishlar kiritilganligi sababli rekonstruksiya ishlari kechikib ketdi. Kattaqo‘rg‘on shahri va Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi qozonxonalar ta’mirlanyapti. Samarqand shahridagi RK-1 va RK-2 qozonxonalarida ishlar rejaga ko‘ra joriy yil yakunigacha davom etadi. Aholi xonadonlariga ichki tarmoqlar o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelinmoqda. Sug‘diyona, Sartepa massivlaridagi 384 ta ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasiga issiqlik tarmog‘i qurilmalari o‘rnatilgan. Shuningdek, Rudakiy, Beruniy ko‘chalarida va “Yoshlar” istirohat bog‘i arofidagi bir qator ko‘p qavatli uylarga RK-1 qozonxonasining isitish tarmoqlari ulab bo‘lindi.  

Shuningdek, joriy yilning mart oyida Prezidentimizning «Turar joylar, binolar va inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish va binolar energiya samaradorligini oshirish choralari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan  2025-2026 yillarda Samarqand shahridagi 29-sonli qozonxona va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda yangi qurilayotgan uylarga ikki konturli isitish pechlari o‘rnatilmoqda. Ammo Prezidentimiz topshirig‘iga asosan markazlashgan issiqlik bilan ta’minlashning imkoni bo‘lgan yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha muassasalari yopiq issiqlik tarmoqlariga ulanadi.

Qolgan hududlardagi barcha aholi xonadonlari ko‘mir, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan isitilishi ko‘zda tutilgan. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.