Past Darg‘omdagi isitilmayotgan maktablar haqida munosabat bildirildi
- Zarnews.uz saytida berilgan “Past Darg‘omdagi maktablar nega isitilmayapti?” sarlavhali tanqidiy maqola yuzasidan quyidagilar ma’lum qilamiz, - deyiladi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabarida.
- Maqolada ko‘tarilgan masalalar Past Darg‘om tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari tomonidan o‘rganildi. Tumandagi 21-umumta’lim maktabi haqiqatan ham 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumi tugagandan so‘ng, 15 mart holati bilan tabiiy gazdan qarzdorlik bois tarmoqdan uzilgan. “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali “Pastdarg‘omtumangaz” bo‘limi tomonidan tumanlararo iqtisodiy sudiga tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ustidan kiritilgan da’vo arizasi ko‘rib chiqilayotganligi sababli joriy yilning dekabr oyiga qadar tumandagi 21-maktab gaz tarmog‘iga ulanmagan. 2023 yil 1 dekabr holati bilan maktab tarmoqqa qayta ulangan. Hozirgi vaqtda issiqlik tizimi barqaror ishlab kelmoqda.
O‘rganishlar davomida tumandagi 28-IDUM sport zalida isitish qozonlari ko‘rsatkich (datchik)lari ishlamayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tanlov-tender savdolariga qo‘yilgan, ayni paytda ta’minotchilar tomonidan yetkazilishi kutilmoqda. Qolgan xonalar belgilangan me’yor darajasida isitilmoqda.
Tumanidagi 125-maktabning isitish tizimi joyida o‘rganilganda, isitish qozonlari va dudmo‘ri (truba)lari tozalanmaganligi, isitish qozonlari mas’ul o‘t yoquvchilar tomonidan talab darajasida ishlatilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda maktab isitish qozonlari va mo‘rilari tuman bo‘limi ekspluatatsiya xizmati tomonidan tozalanib, ishlatib berildi va xonalar isishi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida: 2021 yilda ushbu maktab davlat investitsiya dasturi doirasida rekonstruksiya (630 o‘rinli yangi qurilish) qilinib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu maktabda 150 kilovattlik 2 dona ko‘mir, gaz va elektr bilan ishlaydigan isitish qozonlari o‘rnatilgan. Mazkur maktab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-57-sonli qarorida belgilangan vazifalarga ko‘ra, tabiiy gazdan uzilib, ko‘mirga moslashtirilgan. Maktabga jami 40 tonna ko‘mir yoqilg‘isi joriy yilning iyun-avgust oylarida yetkazib berilgan.
***
P/S: Qarzdorligi sabab mart oyida gaz tarmog‘idan uzilgan tumandagi 21-maktab muammosi nega dekabr oyigacha hal qilinmadi? Maktab gazdan qarz bo‘lsa, uning qarzini kim to‘laydi? Ish haligacha sudda ko‘rilayotganini qanday tushunish mumkin? Bolalarni sovuqda o‘qishga majbur qilgan mas’ullarga qanday chora ko‘rildi yoki ko‘riladi? Viloyat hokimining farmoyishi bilan Samarqandda ijtimoiy soha ob’yektlari hamda turarjoy binolarini isitish mavsumi joriy yilning 10 noyabridan boshlanganini mas’ullar bilishadimi?