Past Darg‘omda 2,5 mingdan ziyod o‘quvchi harbiy-vatanparvarlik harakati otryadlariga qabul qilindi
Past Darg‘om tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari o‘rtasida Mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman mudofaa ishlari va yoshlar ishlari bo‘limlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqan tuman hokimi o‘rinbosari Siroj Xamrayev va boshqalar yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni mard, bilimli va vatanparvar avlod etib voyaga yetkazishda mazkur harakatning ahamiyatini ta’kidladi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Mohir mergan”, “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Safda qo‘shiq aytish” kabi yettita shart bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar.
Yakunga ko‘ra, 7-umumta’lim maktabining “Jasorat” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlar 21-maktabning “Sardor” hamda 36-maktabning “Burgutlar” jamoalariga nasib etdi.
Tumandagi 131 ta umumta’lim maktabida tahsil olayotgan 10-11-sinf o‘quvchilarining 2 ming 620 nafari “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati otryadlariga qabul qilindi va ularga ko‘krak nishonlari topshirilmoqda, - deydi tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Abidov. - Bu kabi tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni jismonan baquvvat va ma’nan yetuk etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular yurtga sadoqati, odob-axloqi, o‘qishi, intizomi va jismoniy tayyorgarligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
Harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar esa tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.