Askarlar armiyada kasb-hunar o‘rganadi
Ilgari muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar ro‘yxatini shakllantirish faqat mudofaa ishlari bo‘limlarining zimmasida edi. O‘tgan yilgi chaqiruv mavsumidan ushbu mas’uliyatli vazifa mahallalardagi yoshlar yetakchilariga yuklatildi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-iyuldagi «Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga ko‘ra, yoshlar yetakchilari o‘z hududidagi yoshlar soniga qarab, uch nafardan besh nafargacha chaqiruv yoshidagi yigitlarni muddatli harbiy xizmatga jalb qilishi belgilangan.
– Mahallalardagi yoshlar yetakchilari muddatli harbiy xizmatga har tomonlama yetuk, sog‘lom, jismonan baquvvat, jamoat ishlarida faol, intellektual salohiyatli yoshlarni yuborish bo‘yicha tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlariga amaliy yordam ko‘rsatmoqda, – deydi yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mas’uli Muslimbek Choriyorov. – Jumladan, yetakchilar yil davomida mahalla yoshlari orasidan Vatanga sadoqatli, har tomonlama yetuk, sog‘lom, muddatli harbiy xizmatni o‘tash istagida bo‘lgan kamida 3-5 nafar yoshlar haqidagi ma’lumotlarni “Yoshlar balansi” platformasiga kiritib bormoqda.
O‘tgan yil ushbu tizim asosida viloyat bo‘yicha 2500 nafardan ziyod yoshlar muddatli harbiy xizmatga yuborilgan. Joriy yilda ham har bir mahalladan 10 nafardan talabgorlar ro‘yxati shakllantirilmoqda.
– Mahallamizda chaqiruv yoshiga yetgan yoshlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi Past Darg‘om tumanidagi Chimboy mahallasi yoshlar yetakchisi Shoxrux Abduazimov. – O‘tgan yil mahalla raisi, profilaktika inspektori, jamoatchilik faollari va ota-onalar bilan hamkorlikda tarbiyasi, jismoniy tayyorgarligi, ta’lim darajasi hamda jamoat ishlaridagi faolligi bilan namuna ko‘rsatib kelayotgan 20 nafar yosh saralab olinib, tuman mudofaa ishlari bo‘limiga taqdim etildi. Natijada ularning 15 nafari armiya saflariga jo‘natildi. Xizmatga ketgan yigitlarning ikki nafari harbiy bo‘lish istagini bildirib, harbiy qismga hujjatlarini topshirgan. Qolganlari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish va jamoat tartibini saqlash organlarida faoliyat yuritishni maqsad qilgan. Ular xizmatdan qaytgach, qiziqishi va qobiliyatiga qarab, tegishli sohalarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda uch nafar yosh muddatli harbiy xizmatga, ikki nafari esa safarbarlik chaqiruv rezerviga nomzod sifatida saralab olingan.
Chaqiriluvchilarning barchasi umumjismoniy tayyorgarlikni aniqlash sinovlari hamda yakka tartibdagi suhbatdan o‘tadi. Bunda belgilangan normativlar – turnikda tortilish, 100 metr va 3 kilometr masofaga yugurish, yakka tartibdagi suhbatda chaqiriluvchilarning mahalla va jamiyat hayotidagi ishtiroki, madaniyati, qiziqishlari, O‘zbekiston tarixi, buyuk sarkardalarimiz va ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga oid bilimlari baholanadi. Yakunda sinov natijalari umumlashtirilib, chaqiriluvchiga harbiy xizmatga tavsiya beriladi yoki belgilangan me’yorlar bajirilmasa, rad etiladi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, uni xizmat davomida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zarur bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan xarbiy xizmatchilar oladi. Tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar respublikamizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishi ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan balning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi. Respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun esa ular oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllantirilishi hamda askarlarga yana bir qator imtiyozlar berilishini ta’kidladi, – deydi Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Burhon Quvvatov. – Yangilanayotgan tizimga ko‘ra, har bir harbiy xizmatchi armiyadan qaytayotganda muayyan kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘ladi. Ya’ni endi askarlar xizmat davrida o‘z qiziqishlariga qarab, kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rganadi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tash jarayonida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Harbiy xizmatni tugatgandan so‘ng esa ularning ta’lim olishi qo‘llab-quvvatlanib, sertifikat xarajatlari qoplanadi hamda foizsiz ta’lim kreditlari ajratiladi. Eng muhimi, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarning tadbirkorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi va ularni ishga joylashtirishda qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi chaqiruv mavsumida viloyat bo‘yicha 2600 nafar yoshlar muddatli harbiy xizmatga yubriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra 15-fevraldan chaqiriluvchilar uchun tuman va shaharlarda, 20 fevraldan esa viloyatda hududiy–tibbiy komissiya boshlangan, mart oyidan yigitlar harbiy xizmatga otlanadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.