Askarlar uylariga kuzatildi
Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida muddatli harbiy xizmatni yakunlagan askarlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalari topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yigitlarning uylariga kuzatish arafasida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Zebiniso Rahmonova, okrug qo‘mondonligi, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limlari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari, faxriylar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar muddatli harbiy xizmatchilarning respublika hamda Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilgan ko‘plab harbiy va sport musobaqalarida, xotira turnir va chempionatlarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganlarini e’tirof etdi. Ularning yoshlarga doim namuna bo‘lishlarini, kelajakda Vatan, el-yurt uchun jonkuyar, fidoyi inson bo‘lib qolishlarini tiladi.
Tantana davomida muddatli harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi. Shuningdek, askarlarning ota-onalariga harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligining tashakkurnomasi hamda faxriy yorliqlar berildi.