Yigitlar harbiy xizmatga kuzatilmoqda

Er yigitning hayotida shunday davr bo‘ladiki, bunda uning xalqiga, Vataniga bo‘lgan sadoqati sinovdan o‘tadi. Bir tarafda ota-ona va uy sog‘inchi, ikkinchi tarafda oliy burch – el-yurt osoyishtaligini himoya qilish vazifasi turadi.

Shubhasiz, harbiy xizmat mard o‘g‘lonlar toblanadigan maydon.

Prezidentimizning tegishli qarori bilan joriy yilning mart-aprel oylarida respublikamizda fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yuborish belgilangan. Viloyatimizda ayni tadbir 5 mart kuni boshlandi. Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Vatan oldidagi burchini ado etishga shaylangan yuzlab jasur yigitlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tantanali tadbirlarda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Q.Ochilov, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik B.Quvvatov, mas’ul idora va tashkilot rahbarlari, nafaqadagi harbiy xizmatchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar harbiylikning mas’uliyati, sharafi haqida to‘xtaldi, mard o‘g‘lonlarga bukilmas iroda, matonat, kuch va g‘ayrat tilashdi.

Tadbir so‘nggida chaqiriluvchilarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi. Keksalar, ota-onalarning duolari, harbiy orkestrning vatanparvarlik ruhidagi kuylari tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish tadbirlari davom etmoqda.

Asqar Barotov.