Askarlarga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi

Samarqand garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida muddatli harbiy xizmatni muvaffaqiyatli yakunlagan askarlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalarini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir dastlab “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” shaklida tashkil etildi. Uchrashuvda muddatli harbiy xizmatni yakunlayotgan yosh askarlar hamda Maraziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni ishtirok etdi. Qo‘mondon askarlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning xizmat jarayoniga oid savollariga atroflicha javob berdi hamda xizmatni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha takliflarini tingladi.

Uchrashuv davomida qo‘mondon o‘z hayot yo‘li, harbiy xizmatdagi faoliyati va erishgan tajribalarini gapirib, yoshlarga xizmat va shaxsiy rivojlanish yo‘lida tavsiyalar berdi. Harbiy intizom, mas’uliyat va kasbiy mahoratni oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng harbiy xizmatni namunali o‘tagan, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bir guruh muddatli harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalari topshirildi. Ushbu tavsiyanomalar yoshlarni harbiy xizmatda erishgan yutuqlari va bilimlarini rag‘batlantirib, ularning oliy ta’lim olishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.