Rossiya harbiy xizmatga chaqiriluvchi fuqarolari uchun chet elga chiqishni ta’qiqlamoqda
Davlat Dumasi harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi qonunga harbiy xizmatdan qochish niyatida bo‘lganlarning huquqlarini sezilarli darajada cheklaydigan o‘zgartishlarni qabul qildi.
Yangiliklar qatorida millionlab rossiyaliklar ro‘yxatga olingan "Gosuslugi" - davlat xizmatlari portalining shaxsiy kabineti orqali harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozlarini jo‘natish, shuningdek, harbiy xizmatga majbur bo‘lganlarning yagona reyestrini yaratish kiradi.
Muddatli harbiy xizmatchining "Gosuslugi"da akkaunti bo‘lmasa ham, hujjat ro‘yxatga olish kitobiga kiritilganidan keyin yetti kun o‘tgach chaqiruv varaqasi topshirilgan hisoblanadi. Shu zahotiyoq chaqiriluvchining chet elga chiqishi taqiqlanadi.
Bundan tashqari chaqiruvdan “bosh tortuvchi” kredit ololmaydi, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘ta olmaydi, shuningdek, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish va hatto mashina haydash taqiqlanadi. Yana mintaqaviy hukumat organlari qo‘shimcha cheklovlar qo‘yishi mumkin.
Davlat Dumasi Mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov ham harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan va chet elda bo‘lgan rossiyaliklarga bir yil ta’tilga chiqib kelishni, “Davlat oldidagi qarzini to‘lab, xorijga qaytishni va u yerda baxtli ishlashni davom ettirish"ni maslahat bergan.
Kremlning ta’kidlashicha, hozirgi qonunchilikning qat’iylashtirilishi safarbarlik bilan bog‘liq emas. Ko‘plab muxolifat nashrlari va ijtimoiy faollar mamlakatni tark etish bo‘yicha tavsiyalar ro‘yxatini yangiladi.