G‘ildirakli muammo: Rossiyada benzin yetishmovchiligi avj olmoqda. Bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qilmoqda?

Rossiyada benzin tanqisligi tobora kuchayib, yangi hududlarni qamrab olmoqda.

Ukraina tomonidan neft infratuzilmasiga uyushtirilayotgan hujumlar ortidan so‘nggi bir oy ichida yoqilg‘i ta’minotidagi uzilishlar mamlakatning qariyb 80 ta hududi, shuningdek Qrim va Sevastopolga ham ta’sir qildi.

Boshqirdiston, Yoqutiston va Oltoy Respublikasida benzin sotilishi cheklandi, Baykalorti o‘lkasi hamda Irkutsk viloyatida esa «yuqori tayyorgarlik» rejimi joriy etildi.
Eng og‘ir vaziyat Baykalorti o‘lkasida kuzatilmoqda. Haydovchilar benzin quyish uchun soatlab, ayrim hollarda esa bir sutkaga yaqin navbatda turishga majbur. Ayrim AYoQShlarda bir avtomashinaga atigi 10–15 litr, boshqalarida esa 50 litrdan ortiq benzin sotilmayapti. Yoqilg‘i taqchilligi hatto Moskva va Moskva viloyatiga ham yetib borgan.

Mutaxassislar fikricha, Rossiya hukumati vaziyatni yumshatish uchun ekologik standartlarni vaqtincha pasaytirish, shuningdek Turkiya va Hindistondan yoqilg‘i import qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq tahlilchilar Ukraina hujumlari davom etar ekan, mamlakatdagi yoqilg‘i tanqisligi yanada kengayishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Rossiyadagi ushbu vaziyat O‘zbekiston bozoriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Respublika tovar-xom ashyo birjasida AI-92 markali benzin narxi tarixiy rekordni yangilab, tonnasi 13,9 mln so‘mga yetdi. Iyun oyi boshidan buyon ushbu markaning birjadagi qiymati qariyb 11,8 foizga oshgan. Mutaxassislar buni savdolarda taklif hajmining qisqarishi, Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlaridagi rejadan tashqari ta’mirlash ishlari, yoqilg‘i taqchilligi hamda benzin eksportiga qo‘yilgan cheklovlar bilan izohlamoqda.

Biroq hozircha O‘zbekistonda Rossiyadagi kabi benzin taqchilligi yoki uzun navbatlar kuzatilmayapti. Ayrim AYoQShlarda mahalliy AI-92 benzinining bir litri taxminan 10800 so‘m, import AI-92 12400–13000 so‘m, AI-95 esa 14500–16000 so‘m atrofida sotilmoqda.

G.Xoldorova tayyorladi.