O‘zbekchilik qismati: Muzeydek qasrlar qurib, o‘zimiz “vremenka”larda yashaymiz...

“Odamlar nima deydi?” degan zaharli qolip bugun o‘zbek xonadonlarining haqiqiy baxtini o‘g‘irlayotgan, farzandlarimizning sog‘lig‘ini so‘ndirib, oilaviy xotirjamligimizni buzib kelayotgan eng og‘riqli ijtimoiy fojialarimizdan biriga aylandi. Biz yillab qiynalib pul topamiz, sog‘lig‘imizni tikib, haybatli qasrlar quramiz, ammo uning ichida o‘zimiz musofirdek yashaymiz.

Xalqimizni «mehmondo‘st» deb ko‘klarga ko‘taramiz. Vaholanki, bugun bu muqaddas fazilat o‘z ruhini, asl samimiyatini yo‘qotib, soxta obro‘, kimo‘zarga poyga va maqtanish udumiga aylanib bo‘ldi.

Keling, bir pas ortga nazar tashlaylik: avvallari mehmon kelsa, odamlar oddiygina somonshuvoqli, fayzli uylarda kutib olardi. Dasturxonga bor-yo‘g‘i bir siqim parvarda, ikki bo‘lak novvot va issiq non qo‘yilardi, xolos. Ammo o‘sha oddiy xonadonlarda dunyoni sig‘diradigan mehr, yurakni isitadigan samimiyat va haqiqiy baraka bor edi. Endi-chi? Endi soxta obro‘ talashayotgan mehmon uchun Afrikaning eng noyob mevalari, chet elning sitrus ne’matlari, qimmatbaho Xitoy chinnilari ham kamlik qilyapti! Sur’at bor, ammo siyrat yo‘q; hashamat bor, lekin oqibat yo‘q.

Biz qon yutib, tinimsiz mashaqqatlar bilan imorat solamiz. Ammo dahshatlisi shundaki, uyning eng yorug‘, eng keng va eng shinam xonalarini yiliga bir-ikki marta keladigan, aslida bizning yashashimiz bilan ishi ham bo‘lmagan o‘sha “tanti” mehmonlar uchun xuddi “daxlsiz muzey”dek qulflab qo‘yamiz.

Uyning asl egalari — shu imorat uchun sog‘lig‘ini yo‘qotgan ota-onalar va kelajagimiz bo‘lgan bolalar esa hamon o‘sha tor, nam va qorong‘i “vremenka”larda, eskirgan paloslar ustida kun kechirishga mahkum. Xonadondagi eng so‘nggi rusumdagi konditsionerlar, eng qimmatbaho mebellar va oyoq bosishga ko‘zing qiymaydigan ipak gilamlar aynan o‘sha yopiq, kimsasiz, huvillab yotgan xonalarga joylashtiriladi. U yerga charchagan uy egasining kirib dam olishi yoki sho‘x bolajonlarning o‘ynab-kulishi kechirilmas gunoh, go‘yoki og‘ir jinoyatdek ko‘riladi.

Bu qanday ko‘rgulik? Inson o‘z halol mehnati, peshona teri bilan topgan ne’matlaridan o‘z jigarbandlarini mahrum qilsa?! Bu aslo mehmondo‘stlik emas. Bu — jamiyatning soxta bahosidan, qo‘ni-qo‘shnining pichir-pichiridan va qarindosh-urug‘ning g‘iybatidan qo‘rqishdan tug‘ilgan ruhiy qaramlik psixologiyasidir!
Bundan ham ayanchlisi, vijdonni og‘ritadigani bor: uyning o‘sha hashamatli qismi qulflog‘li, hech kimsiz, sovuq va huvillab yotgan bir paytda, oilamizning ertasi bo‘lgan go‘daklarimiz tor “vremenka” xonasining muzday yerida tizzalarini quchoqlab, bukchaygancha dars tayyorlashadi.

Ko‘zimizni Xitoy chinnilari va ekzotik mevalar ko‘r qilib qo‘ygan bir paytda, ko‘z qorachig‘imiz bo‘lgan farzandimizga sifatli stol-stul olib berishni yoki unga yorug‘, issiq va keng xona ajratishni «ortiqcha xarajat» deb bilamiz.

Muhtasham, lekin qulflog‘li mehmonxonalar soyasidagi bunday sharoit bola ongida og‘ir, umrbod bitmaydigan psixologik jarohat qoldirishi mumkin. Bola o‘zini eng yaxshi, eng go‘zal narsalarga noloyiq deb hisoblay boshlaydi, uning ichki olamida o‘ziga nisbatan ishonchsizlik, qadrsizlik va xorlik hissi ildiz otadi.

Biz o‘z qo‘llarimiz bilan farzandlarimizni majruh shaxs qilib tarbiyalayapmiz!
Katta imoratlarni jihozlash va dasturxonga Afrika mevasini terib maqtanish poygasi oilalarni yillab, balki umrbod qutulib bo‘lmaydigan qarz botqog‘iga botiradi. Natijada, uyning ustuni bo‘lgan erkaklar xotini va farzandlari bag‘rida xotirjam yashab, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanish o‘rniga, yana sog‘inch azobiga, musofir yurtlarning og‘ir mehnatiga qaytadan bosh egib ketishga majbur bo‘lishadi.
Oqibatda, soxta obro‘ va maqtov uchun qurilgan o‘sha ulkan devorlar ichida baraka, fayz, oilaviy totuvlik va tarbiya so‘nadi.

Axir, uy fayzli oilasi bilan tirik, yaltiroq devorlari bilan emas! Uy — ko‘rgazma zali yoki tomoshabinlar keladigan muzey emas! U — oila a’zolari erkin nafas oladigan, ruhan orom topadigan va yashashdan baxtni his qiladigan muqaddas maskan, qo‘rg‘ondir.

Biz qachonki “Odamlar nima deydi?” degan zanglagan, bizni mahv etayotgan kishanlarni uzib tashlab, “Farzandimga nima foyda? Oilamga qanday qulay?” degan sog‘lom, oqilona tamoyilga o‘tsakkina, hayotimiz tubdan, balki abadiy go‘zallashadi. Eng yaxshi xona, eng shinam sharoit, eng sifatli va zamonaviy jihozlar birinchi navbatda begona mehmonlar uchun emas, shu uyning haqiqiy vorislari — kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimiz uchun xizmat qilishi shart!

Asl mehmonni esa ortiqcha dabdaba, tilla suvi yuritilgan idishlar va ko‘zbo‘yamachiliksiz, xuddi o‘sha qadrdon o‘tmishimizdagidek — samimiy tabassum, toza qalb, ochiq chehra va oddiygina issiq non-novvot bilan ham rozi qilish, duosini olish mumkin.
Keling, soxta dunyoning asiri bo‘lishni to‘xtataylik!

 
Shuhrat Normurodov.