Nega farzandlarimizga mehr o‘rniga telefon, suhbat o‘rniga internet, tarbiya o‘rniga multfilm beryapmiz?
Bugun jamiyatimizda shovqinsiz, ammo o‘ta xavfli bir fojia sodir bo‘lmoqda. Bu fojia tabiiy ofat emas, urush emas, ocharchilik ham emas. U har bir uyning ichida, har bir oilaning qo‘lida. U – telefon.
Biz uni taraqqiyot deb qabul qildik, ammo u asta-sekin tarbiyani, munosabatni, mehrni, eng yomoni, bolalikni yo‘q qilib bormoqda.
Bugun bir xonadonda besh-olti kishi yashasa, kamida shuncha telefon bor. Bir dasturxon atrofida o‘tirib, har kim o‘z ekraniga tikilgan. Bir uyda, bir havoda, ammo bir-biriga begona odamlardek yashayapmiz. Bu manzara endi hech kimni hayron qoldirmaydi. Aslida esa bu jamiyat uchun jiddiy ogohlantiruvchi signal.
Bir paytlar uyimizda bitta telefon bo‘lar edi. U ham otamizda yoki onamizda bo‘lardi. Shu telefon butun oila uchun yetarli edi. Hech kim ruhan yetishmovchilikni his qilmasdi. Bolalar ko‘chada jismoniy, milliy o‘yinlarni o‘ynab charchar, uy ishlariga yordam berar, kitob o‘qir, dars qilishga shoshardi. Dars qancha ko‘p bo‘lsa ham “zerikdim” degan gap kam eshitilardi. Chunki hayotning o‘zi qiziq edi.
Bugun esa bolaga “dars qil” desangiz, javob tayyor: “bo‘ldi”, “qilib bo‘ldim”. Ammo shu bolani telefondan uzib oling-chi — asab, yig‘i, jahl, qarshilik. Telefon va televizordan bolani uzoqlashtirish deyarli imkonsiz. Chunki biz o‘z qo‘limiz bilan ularni shu holatga o‘rgatdik.
Yaqinda chekka qishloqdagi qarindoshimnikiga mehmonga ketayotganimda, ko‘chada bir yosh onaga ko‘zim tushdi. Bir qo‘lida telefoni orqali video tomosha qilib ketayotgan ayol ikkinchi qo‘li bilan bola aravachasini yetaklab borardi. Aravachadagi bolajonning ham jajji qo‘llarida kattagina telefon, u ham qandaydir multfilm tomosha qilayotgan edi.
– Kechirasiz, – dedim uni to‘xtatib, gapni nimadan boshlashni bilmasdan. – Shu qishloqda yashaysizmi? Maryam xolaning uyini so‘ramoqchi edim.
U yo‘lni tushuntirib berdi. Men bu yo‘lni yaxshi bilganim uchun, uning gaplariga u qadar e’tibor qilmay, boshqa savol berishga chog‘landim.
– Voy, farzandingiz juda yoqimtoy ekan, ko‘z tegmasin. Yoshi qizim bilan tengdek. Ikki yasharmi?
– Yo‘q, – dedi u. – Hali yoshiga to‘lmagan. O‘n bir oylik.
– Hali yoshiga to‘lmagan bolaga katta telefon berib qo‘yibsizmi?
Ayol xijolat bo‘lmadimi yoki o‘zini haq deb bildimi, bilmadim, ammo xotirjam javob qildi:
– Och qornim, tinch qulog‘im. Agar telefonni olib qo‘ysam, manzilga yetguncha butun qishloqni boshiga ko‘taradi.
– Baribir bu yaxshi emas, – dedim.
– Bilaman, – dedi u. – Ammo bu rosa erka. Dadasi o‘rgatib qo‘ygan.
Gapini isbotlamoqchidek, bolaning qo‘lidan telefonni olgan edi, u baqirib yig‘lashga tushdi. Telefonni yana qo‘liga tutqazgandi, bola darhol tinchidi.
– Afsus… – dedim bosh chayqab. – Har holda ehtiyot bo‘ling. Bu farzandingizning salomatligiga ham, kelajagiga ham ta’sir qiladi.
Bugun nega xotirasi past, diqqati tarqoq, o‘qishga qiziqmaydigan, sabrsiz bolalar ko‘payib ketdi? Nega eng oddiy qiyinchilikda yig‘laydigan, arzimagan narsaga jahli chiqadigan bolalar soni ortdi? Bu savollarga javob izlash shart emas. Javob har kuni bolaning qo‘lini, ko‘zini, ongini egallab olgan ekranda.
Telefon bolaga tayyor tasvir beradi, tayyor xursandchilik taqdim etadi. U o‘ylashga majbur qilmaydi, sabr talab qilmaydi. Shu bois kitob bola uchun og‘ir, zerikarli tuyuladi. Kitob fikrlashni o‘rgatadi, telefon esa ongni dam oldirgandek qilib, aslida uni bo‘shatib qo‘yadi.
Kattalar esa bolalardan noliydi: “Bolalar telefonsiz yashay olmaydi”. Ammo asosiy savol boshqa: bolani telefoniga kim o‘rgatdi? Go‘dakka telefonni kim tutqazdi? U ovqat yeyishi uchun, yig‘lamasligi uchun, tinch o‘tirishi uchun kim ekranni “qutqaruvchi”ga aylantirdi?
Ona bolasini beshikda uxlatar ekan, o‘zi telefon bilan band bo‘lsa, bola ko‘zini ochganidan shu manzaraga guvoh bo‘lsa, u qanday tarbiya oladi? U kimdan o‘rnak oladi? “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqol bugun juda achinarli tarzda o‘z isbotini topmoqda.
Agar uyda hamma qo‘lida telefon bilan band bo‘lsa, bola bilan kim suhbat qiladi? Kim uni tinglaydi? Kim uning savollariga javob beradi? Kim unga dunyoni tanitadi? Agar bolaning qalbi bo‘sh qolsa, uni kim to‘ldiradi? Ota-ona emas ekan, demak boshqalar – ko‘cha, begona muhit, shirin so‘zli, ammo yomon niyatli odamlar.
Biz bolalarimizni ko‘chadan himoya qilish haqida ko‘p gapiramiz. Ammo eng katta xavfni o‘z uyimizga o‘zimiz olib kirganimizni tan olishni istamaymiz. Biz farzandlarimizga mehr o‘rniga telefon, suhbat o‘rniga internet, tarbiya o‘rniga multfilm beryapmiz. Bu bilan ularning salomatligiga zarar yetkazayotganimizni sezmay qolyapmiz.
– Bundan o‘n–o‘n besh yil ilgari maktabga borsangiz, bir sinfda bor-yo‘g‘i birgina bola ko‘zoynak taqqaniga guvoh bo‘lardingiz, – degan edi bir suhbatda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali direktori, oftalmolog Botir To‘xtayev. – Bugun esa bir sinfning o‘zida kamida besh–o‘n nafar bola ko‘zoynak taqib o‘tirganini ko‘ryapmiz. Bu faqat shifokorga murojaat qilib, tashxis qo‘yilganlari. Hali ko‘zida muammo bo‘la turib, aniqlanmagani qancha.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunday holat tasodifiy emas. Ko‘pchilik “nega bolalar ko‘zoynak taqib qolyapti?” degan savolga irsiyat yoki tug‘ma muammolarni sabab qilib ko‘rsatadi. Ammo haqiqat ancha sodda va bir vaqtning o‘zida xavotirli: asosiy sabab – ekranlar.
– Bolaning ko‘zi tabiatan yaqin masofaga uzoq vaqt tikka holda qarashga moslashmagan, – deydi mutaxassis. – Telefon, planshet, televizor qarshisida soatlab o‘tirish ko‘z mushaklarini zo‘riqtiradi, ko‘rish qobiliyatini susaytiradi. Ayniqsa, bu holat bolalik davrida juda tez salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, ko‘zdagi muammolar ko‘p hollarda sekin-asta boshlanadi. Ota-ona esa bola “ko‘rib turibdi-ku” deb, bu o‘zgarishlarni payqamaydi. Ammo vaqt o‘tib, natija ko‘zoynak orqali namoyon bo‘ladi.
Bu raqamlar shunchaki statistika emas. Bu – ekranlar oldida o‘tib ketayotgan bolalikning, bee’tibor qoldirilayotgan salomatlikning yaqqol ogohlantiruvchi belgisidir.
Bu texnika yoki zamonning aybi emas. Bu — bizning tanlovimiz. Telefon bolani tarbiya qilmasligi kerak. U vosita, xolos. Tarbiyachi emas. Biz esa tarbiyani unga topshirib qo‘ydik.
Eng og‘ir haqiqat shuki, biz bolalarimizga vaqt ajratmayapmiz. Vaqtsiz mehr bo‘lmaydi. Mehrsiz tarbiya bo‘lmaydi. Tarbiyasiz esa kelajak yo‘q. Biz o‘z qo‘limiz bilan kelajagimizga bolta uryapmiz. Bu qattiq gap, ammo haqiqat. Hali kech emas. Ammo ertaga kech bo‘lishi mumkin.
Zahro Ibragimova,
Nurota tumani.