Qaytayotganimiz chin bo‘lsin!
To‘g‘risi, bu haqda yozaman, deb anchadan beri o‘ylab yurgandim. Lekin ba’zi narsalar haqida qoralash o‘tmishni qoralash bilan tenglashtirilganday tasavvur uyg‘otadi va qaysidir ma’noda kishini g‘ash qiladi. G‘ashlikki, o‘z yashab o‘tgan umringni yomonotliq qilib nimaga erishasan, endi buyog‘iga xatolardan xoli yashashga jazm qilginu, yo‘lingda davom et, degan ichki iddaolar ham tinchlik bermaydi odamga. Ammo...
Sud bor, qonun bor...
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ba’zi videolavhalarni ko‘rib, yana o‘sha “dard “ tinchimni o‘g‘irladim. To‘y qilayotgan oddiy bir xonadon bekalari kuyovning “to‘qqiz tovog‘i”ga (aksar viloyatlarda kuyov kelinni olib ketishga kelganda unga va kuyov jo‘ralarga to‘qqiz xil taom va shirinliklar tortiladi) aroq ham tortishayotganini ko‘rib, yoqa ushlaysan odam.
Yana bir to‘yda Xorazm lazgisiga qariyb yarim-yalang‘och raqsga tushayotgan ayol va unga qarsak chalib turgan odamlarimizni ko‘rib, hayrating ikki karra oshadi.
Maktablarda dars berayotgan o‘qituvchilarning bir-biri bilan jiqqamusht bo‘lib, soch yulishayotgani videolari tarqalib ketganidan keyin bu o‘qituvchi o‘quvchisiga qanday tarbiya berishi mumkinligini tushunmay kuzatamiz.
Maktab rahbari go‘yoki adolat izlab, butun xalqqa murojaat qilsayu, ortidan o‘zining “ayshlari” namoyish etilgan videolar tarqalib ketsa ham yuzsizlarcha chiqishida davom etaversa. Uning ishini sud hal qiladi, adolatli sud kerak bizga, deya hayqirayotgan olomon go‘yoki uning O‘QITUVChI ekanini unutib qo‘yganday, tuyuladi menga. “Ha, sud bor, qonun bor, ammo shu bilan birga vijdon ham bor” deya ko‘pchiligimizga yod bo‘lib ketgan bu jumlalarni bir paytlar etimiz jimirlab eshitardik. Endi buni vijdonning sariq chaqalik ahamiyati qoldimi, degan ma’noda, ensamiz qotgancha, tezroq tugata qolsa bo‘lmaydimi gapini deya eshitamiz.
Qaysi fikr shov-shuvli bo‘lsa osongina ergashamiz. “Falonchi shunaqa deyapti” deya hech ikkilanmay uning izmiga tushib qolganimizni sezmay o‘tib ketyapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketayapmizu izohlarni o‘qisangiz, o‘zbek tili qachon shunday ahvolga keldi, deya yig‘lagingiz keladi. Oliy ma’lumotlisidan tortib, o‘rta maktabni zo‘rg‘a bitirayotgani ham oshkora xato bilan yozadi va bundan zig‘ircha uyalmaydi.
Bularning hammasi yig‘ilib umumiy bir saviyamizni, yanayam ochiqroq aytsak, saviyasizligimizni ko‘rsatib beradi.
Hali ko‘p qiynalamiz!
Ha, xuddi shunday, hali ancha yillar bunday saviyadan azob chekamiz. Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlardan bundan o‘n yillar avval ham ahvolimiz bu darajada emasdi, saviya tushib ketgan, ta’lim o‘lgani, kabi sannashlarni eshitib qolamiz. Yashirib nima qildik, hatto ziyolilarimizning o‘zi ham juda og‘ir ahvolda qoldik, deyishadi. Xo‘p, nega, qachondan beri shu ahvolga keldik o‘zi?!
O‘qituvchilarni ko‘cha supurishdan tortib, paxta yig‘im terimida ishlatib, obro‘yini bir pul qilgan kunlardan boshlanmadimi hammasi? Oylik-maoshlarini chaqalik qilib, yaxshi o‘qituvchilarning maktabdan qochishidan boshlanmaganmidi bu savodsizlik?
Ta’lim tizimida go‘yoki yirik sakrashlar amalga oshdi, ammo bori ham yo‘qqa chiqqan yillarni eslang. Havoyi havaslar, to‘kilib turgan maktablar yonida hali hech qanday poydevori yo‘q, o‘qiganga ish yo‘q, ish bo‘lsa oylik yo‘q yo‘lga olib boruvchi salobatli kollejlar qurilishiga sarflandi juda katta mablag‘. Bor ta’lim tizimini avaylab-asrash, uni sekinlik bilan o‘zgartirish o‘rniga yana katta odimlar tashlandi. O‘quv darsliklaridan tortib, yana nimalardir o‘zgardi. Lekin arzimagan oyligu, ko‘cha supurishga doimiy jalb etiladigan xodimlardan ta’limga qanday foyda kelishi hali u paytlar uncha bilinmasdi. Chunki ta’lim tizimida qolgan fidoyilar bor edi.
Oliy ta’lim dargohlariga kirish uchun test tizimi faqat boshlanishida adolatli bo‘ldiyu keyin naq “otchopar bozori”ga aylandi. Falon institutning narxi buncha, bunisiniki muncha... Hammasining aniq narx-navosi chiqarildi. O‘qish ham shunga qarab davom etdi. Aslida, oliy ta’lim tizimdagi ahvol ham o‘rta ta’limdan qolishmasdi. Ushbu tizim xodimlarining ham obro‘yi tushib ketgan, maoshlarning qisqarishi bilimli o‘qituvchilarning Vatandan ketishi yoki boshqa sohaga o‘zini urishiga sabab bo‘ldi. Ilmiy ish qilish xarajatlariga mablag‘ topa olmay o‘z tadqiqotlarini bilimi haminqadarlarga pullagan insonlar chetda, pana-pastqamda yurdi. Ular ro‘zg‘or tebratishni o‘ylashdi, fanga yangilik qilish, mamlakat ijtimoiy hayotiga yangiligi orqali foydasi tegishi haqida o‘ylashga ularning holi ham, qurbi ham yetmasdi.
Kitob o‘qish eng noma’qul ishday ko‘rindi, yoshlardan o‘sha yillari kitob o‘qish haqida so‘ray olmasdingiz.
Bugun ta’limning mana shu tizimini o‘taganlar qayerlardadir (asosan maktablarda, umuman ta’lim tizimida) ish boshlagan. Ular juda ko‘pchilik. O‘z ustida ishlaganlari bugun yaxshi natijalarga erishib, sohada o‘z o‘rnini topayapti. Ammo besh barmoq bir xil emasda....
Biz bugun mana shu tizimining azobini tortamiz va bu jarayon hali ko‘p davom etadi. Kitobsizlikning, ta’limga nisbatan xiyonatning azobi bizni yana ko‘p yillar qiynashi tabiiy. Chunki ta’limdagi bu xatolar darhol o‘z natijasini ko‘rsatmaydi, o‘qishni bilmagan ota-bobolarimiz bilan suhbat qilsangiz ham bu haqda aytib berishadi.
Kitobi yo‘q kutubxonalar edi maqomimiz
Yaqin yillarda ta’lim tizimida kishiga umid beradigan o‘zgarishlarni kuzatib boryapmiz. Lekin eng qizig‘i, bu o‘zgarishlar haqida tahlil qiladigan o‘qituvchilar sanoqliligicha qolyapti. Sabab o‘sha – ming og‘riqli bo‘lmasin, kitob o‘qimagan avlodning bugun turli tizimlarda ish olib borayotganidadir.
Kitob o‘qish va uni rag‘batlantirish bilan bog‘liq hayotbaxsh mujdalar bundan bir necha yil oldin boshlangani haqida yaxshi bilasiz. O‘shanda kitob o‘qiydigan bolaga avtomobil sovg‘a qilish ham yo‘lga qo‘yildi hatto. Bu tashabbusga ba’zilar ??? qotib bilan qaragan bo‘lsa-da, aksar ziyolilar xursand bo‘ldi, quvonch bilan qarshi oldi bu tashabbusni! Axir o‘sha payti bundan boshqa yo‘l yo‘q edi, ish topish, Rossiyaga ketish va oila boqishdan boshqasini o‘ylamaydigan hamyurtlarim uchun chin ma’noda kitobga qaytish davri boshlandi.
Hech esimdan chiqmaydi, kitobxonlik tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qizcha haqida maqola tayyorlamoqchi bo‘lib, u o‘qigan maktabga bordim. Maktab kutubxonasida uni tasvirga olmoqchi edik. Kutubxonachini ancha qidirishdi va kutubxona eshigi ochilgandagi hayratim hali ham meni tark etmagan. Kitoblar teriladigan rastalar bir ikkita o‘quv darsliklariyu ilmiy adabiyotlarni aytmasa, deyarli bo‘m-bo‘sh edi. Keyin bilsak, g‘olib qizning ota-onasi oddiy insonlar bo‘lsa ham bolasining o‘qishi uchun tuman markazidagi yagona kitob do‘konidan kitob sotib olib kelar, ba’zilarini ijraga olib, o‘qib bo‘lgach, qaytarib berar ekan. O‘shanda hali kitobga sadoqatli odamlarimiz ko‘p, deya ishongandim. Bu ishonch mamlakat miqyosida, amaliy harakatlar ila quloch yozdi.
Aslida kitobxonlik “o‘limi”ga sababni aynan o‘zi boru, kitobi yo‘q kutubxonalardan izlashimiz kerak edi. Va bu sabablar topildi, tahlil etildi, unga qarshi choralar ko‘rildi.
Keyingi yillarda bu masalada natijalarni aytish ham shartmas, hammasini ko‘rib turibmiz. Har bir tumanda zamonaviy kutubxonalar qad rostladi, kutubxonalar badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Haliyam bu ishlar davom etayapti.
Kitob o‘qigan xodimga mukofot!
Yil boshida mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorni o‘qib, yuqoridagi “kitobxo‘rliklar” to‘xtab qolmasligi, tizimli davom etayotganidan ko‘nglimiz xotirjam tortdi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori avvalidayoq asosiy maqsad aytilgan: Ya’ni, qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026 – 2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasi (bir odam o‘qiydigan kitob soni)ni yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish etib belgilandi.
Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi:
tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yo‘nalishidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
tanlov orqali iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida 1 yilgacha BHMning 50 baravari miqdorida har oy haq to‘lash;
eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;
vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan:
aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha “Kitob – ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi;
davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi:
klub a’zolari o‘rtasida kitob tahliliga bag‘ishlangan debatlar o‘tkaziladi;
maktablarda klub a’zolariga yiliga kamida 20 ta kitob o‘qitib boriladi;
har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari a’zolari rag‘batlantiriladi.
2026 yil 1 aprelga qadar o‘zida va tizimidagi tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yiladi;
kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi joriy etiladi;
tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Shuningdek, eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 talikka kiradigan o‘quvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
Xulosa
Maqolada kitob o‘qimaslikning bugungi ba’zi ko‘rinishlarinigina bayon qildim, xolos. Aslida oiladagi muammolar, notinchligu, tashvishlar, umuman, hamma sohada buning yaqqol ifodasi ko‘zga tashlanadi. Faqat chin dildan kuzatsangiz, tahlil qilsangiz bu farqlarni darhol ilg‘ay olasiz.
To‘g‘ri, maqolani o‘qib, o‘quvchilarimiz muallif jamiyatdagi bor muammolarni kitob o‘qimaslikka borib taqabdiku, deb o‘ylashi mumkin. Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalarida juda ko‘p tarqaladigan ba’zi raqamlarni aytish joiz edi. Xususan, rivojlangan mamlakatlardagi aholining kitobxonligi bilan bizdagi vaziyat raqamlarda qanchalik farq etishini ko‘rsangiz, aslida barcha muammolar kitobsizlikka borib taqalishini yaqqolroq his qilasiz. Lekin bu raqamlarni keltirishni joiz deb topmadim. Chunki mamlakatimizda ham yaqin yillarda kitobxonlik darajasi keskin ko‘tarilishidan umidim bor va o‘shanda shu raqamlarni birinchilardan bo‘lib aytishni ko‘nglimga tugdim.
Gulruh MO‘MINOVA.