Samarqandda “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
Mazkur loyiha imkoniyati cheklangan yoshlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va teng imkoniyatlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
- “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohining viloyat bosqichida jami 50 nafar ishtirokchi qatnashmoqda, - deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi shu’ba mudiri Nizomiddin Odilov. – Ular turli shahar va tumanlardan saralab olingan bo‘lib, faol, tashabbuskor va iqtidorli yoshlardan iborat. Ishtirokchilar orasida imkoniyati cheklangan yoshlar ham bo‘lib, bu esa tadbirning inklyuziv xarakterini yanada mustahkamlaydi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va davra suhbatlari, psixologik va motivatsion treninglar, liderlik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish mashg‘ulotlari, interaktiv seminarlar va master-klasslar, ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqish va taqdim etish kabi dasturlar uyushtirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyatdagi maktab-internatlar o‘quvchilari tomonidan qo‘l mehnatida bajarilgan ishlarga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada sopol buyumlar, kashta, rasm, munchoqdan yasalgan mahsulotlar namoyish etildi.
- Maktab-internatimizda o‘quvchilarni qo‘l mehnati asosida turli buyumlar yasashga o‘rgatamiz, - deydi Samarqand shahridagi 62-maxsus maktab-internati texnologiya fani o‘qituvchisi Lobar Yusupova. – O‘quvchilarni kelajakda biror kasb egasi bo‘lishiga yordam beramiz. Bugun buyurtma asosida turli tashkilotlarga o‘quvchilar choyshab va dasturxonlar tikib beryapti.
- Maktab-internatimizda maxsus oyoq kiyim tikadigan sex bor, - deydi Samarqand shahridagi 60-sonli “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati 9-sinf o‘quvchisi Sardorbek Lapasov. – Sexda bizga oyoq kiyim tikishni o‘rgatishdi. Biz buyurtma asosida turli korxona va tashkilotlarga o‘z mahsulotlarimizni yetkazib beryapmiz.
Mazkur tadbir ishtirokchilarning shaxsiy rivojlanishi, ijtimoiy faolligi, mustaqil fikrlashi va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.
“VoiceUp – 2026” inklyuziv oromgohi nafaqat dam olish, balki ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan kompleks dastur sifatida yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirdi. Loyiha doirasida yaratilgan imkoniyatlar ishtirokchilarning kelgusida jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning faolligi va tashabbuskorligi asosida eng sara yoshlar tanlab olinib, loyihaning keyingi bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.