“Qizingni o‘qitsang, shahar oberarmidi?”
Ushbu ibora bugun eskirdimi?
Bir tanishimni uchratib qoldim. O‘qimishli, dilbar ayol. Bitta o‘g‘lini uylantirgan, ikkinchi o‘g‘li ham oliygohni bitirib, yaxshi dargohda ishlayotganiga 3-4 yil bo‘lib qoldi. Hozir shu o‘g‘liga kelin qidirayotgan ekan. “Yaxshi qizlarni tavsiya qiling, elning ichida yurasiz”, deydi. Yaqindagina qizini ham uzatgandi.
- Opa, qiz chiqarganga 40 yil tegma, deyishadi. Yaqinda to‘ydan chiqqan bo‘lsangiz, yana to‘y qilaman, deysizmi, - dedim hazil qilib.
- Bu maqol eskirdi. O‘g‘lim bir necha yildan beri ishlayapti, shukr. Topganini o‘ziga ishlatamiz, ro‘zg‘orga qo‘shmaymiz. Qizim ham bizni ortiqcha qiynagani yo‘q, dedi-yu, aqlni shoshiradigan ayrim gaplarni aytib berdi.
Opaxonning aytishicha, qizi Toshkentda magistraturani tugatyapti, bakalavrni esa Singapurda moliya va bank yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Hozirda Dubayga tegishli kompaniyada ishlaydi va oyiga 2000 $ga yaqin maosh oladi.
Eri, ya’ni opaxonning turmush o‘rtog‘i qizini uzatayotgan tomonga shart qo‘yibdi: “Men qizimni qiynalib, katta kontrakt to‘lab, Singapurda o‘qitdim. Qizim yaxshi pul topyapti. Qizim topayotgan pulning teng yarmini, har oyda (1000 $), 4 yil davomida menga berasizlar. Shunga ko‘nsanglar, qizimni berishim mumkin”.
Shunaqasiyam bo‘larkanda-a? Qizi mana, 4 oydan beri otasiga 4000$ yuboribdi. U yana 4 yil otasiga qarzini to‘laydi...
- Qizmi, o‘g‘ilmi o‘qiting! Ilm olsin, xalqaro mutaxassis bo‘lsa, “pichog‘ingiz moy ustida” bo‘ladi, - deydi tanishim.
Men esa hayratlanganimdan “halolingiz bo‘lsin-e”, deb yuboribman.
Biz “Qizingni o‘qitsang, shahar oberarmidi? Ertaga boshqa oilaga ketadi, foydasini o‘shalar ko‘radi”, degan gapga ishonib yuribmiz.
Rostdan, ba’zi iboralarimiz eskirganmikan-a?
Nima dedingiz?
Gulchehra BERDIYoROVA.