Harbiy xizmatchilarga uy berildi

Vatan himoyachisi! Bu sharafli va mas’uliyatli kasbga umrini bag‘ishlagan harbiy xizmatchilar zimmasidagi vazifasini bekamu-ko‘st bajarishi uchun, avvalo, uning oilasidan ko‘ngli to‘q bo‘lishi zarur.

Shu bois, yurtimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvatlash, turmush sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada sarhadlarimiz daxlsizligi, osoyishtaligimizni ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan harbiy xizmatchilar uchun barcha sharoitlarga ega zamonaviy turar-joylar qurib berilmoqda.

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi shodiyonasi arafasida Oqdaryo tumanining Dahbed shaharchasida bunyod etilgan ikkita 5 qavatli turar-joydan 70 ga yaqin xonadon Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Qahramon Ochilov, Oqdaryo tumani hokimi Sherzod Qudratov va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish, harbiylar va ularning oila a’zolari yashash sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdilar. Buning samarasida harbiy xizmatchilar zamon talablariga mos yashash sharoitlariga ega bo‘lib, mamlakatimiz mudofaasi qudratini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.

– Yigirma yildan beri Vatanimiz mudofaasini ta’minlashdek sharafli vazifada xizmat qilib kelmoqdaman, – deydi ikkinchi darajali serjant Safar Hakimov. – Bu vaqt oralig‘ida yurtimizning turli hududlarida, ba’zida sharoiti bor, ba’zida yo‘q joylarda yashashga to‘g‘ri keldi. Harbiy xizmatchi har qanday sharoitda o‘z ontiga sodiq bo‘lib, vazifasini bajarishi shart bo‘lganidek, oilasi ham shunday sharoitlarga ko‘nikishga majbur ekan. Yaratganga shukur, mana endi bizni ham o‘z uyimiz — 3 xonali xonadonimiz bor. Bundan farzandlarim juda ham xursand. Bizga mana shunday sharoitlarni yaratib bergan davlatimizdan minnatdorman.