Muddatli harbiy xizmat: yigitlar qanday saralandi?

Bu haqda Samarqand viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv bo‘limi boshlig‘i Rustam Shodiyev o‘z fikrlarini bayon qildi

- O‘tgan yil 10 avgustda boshlangan jarayon joriy yilning 10 fevraliga qadar davom etdi, - dedi R.Shodiyev. - Muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli deb topilgan va chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega bo‘lmaganlar 2022 yil mart-aprel oylarida xizmatga yuboriladi.

Umuman, chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga loyiq yoki noloyiq deb topish shahar yoki tumandayoq hal bo‘ladi. Chunki hududiy tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya, viloyatda esa harbiy-tibbiy komissiya va rahbariyat kengashi tashkil qilingan. Butlash va rahbariyat kengashi a’zoligiga Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklaridan vakillar jalb etilgan. Ular saralash va tanlov ishlarida to‘liq qatnashadi.

Dastlab tuman tibbiyot muassasalari shifokorlari chaqiriluvchini birlamchi ko‘rikdan o‘tkazadi, shu asosda nomzodning harbiy xizmatga yaroqli, davolanishga yoki zaxiraga yuborilishi haqida tuman tibbiy komissiyasi xulosa beradi. Harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchining umumjismoniy tayyorgarlik darajasi baholanadi va u bilan yakka tartibda suhbat o‘tkaziladi.

Mazkur baholash natijalari asosida chaqiriluvchiga muddatli harbiy xizmatni o‘tashi uchun tavsiya beriladi yoki tavsiya berilmaydi.

Tuman hokimining o‘rinbosari boshchilik qiladigan komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan, biroq sinovlardan o‘tolmagan chaqiriluvchilarni safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilish, chaqiruvni kechiktirish yoki zaxiraga olish bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Komissiya tarkibi mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vakilidan iborat.

Qayd etish lozim, butlash komissiyasida chaqiriluvchi byurokratik to‘siqlarga uchramasligi uchun unga tegishli harbiy okrug vakili raislik qilyapti.

Chaqiriluvchi tanlovda bir yilda faqat bir marta ishtirok etishi mumkin. Tuman komissiyalarida tanlovlardan o‘tgan chaqiriluvchi viloyat butlash komissiyasi tomonidan nomunosib deb topilishi ham mumkin. Chunki bu yerda avval sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ajratilgan vrachlar chaqiriluvchilarning salomatligi darajasini aniqlab berardi. Bugungi kunda viloyat harbiy-tibbiy komissiyasiga harbiy gospitaldan shifokor-mutaxassis raislik qiladi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan lor, psixiatr va okulist vrachlar ajratilgan. Xirurg, nevropatolog va terapevt vrachlar esa harbiy gospitaldan jalb qilinadi.

Ular bergan xulosa asosida chaqiriluvchi muddatli harbiy xizmatga ehtiyoj tug‘ilsa, harbiy gospitalga qo‘shimcha tekshiruv uchun jo‘natiladi. Chaqiriluvchi harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilib, hujjatlari tuman hududiy komissiyasiga yuborilishi ham mumkin.

Chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga jo‘natish mart-aprel oylarida amalga oshiriladi. Bunda muddatli harbiy xizmatga loyiq deb topilgan chaqiriluvchi rahbariyat kengashi tomonidan tegishli qo‘shin turiga tayinlanadi. Ya’ni, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari raislik qiluvchi rahbariyat kengashi chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirib, harbiy qismga yuboradi.

Tegishli vazirliklar vakillaridan iborat rahbariyat kengashi quyi komissiyalar ishlaridan norozi bo‘lgan chaqiriluvchilarning shikoyatlarini ham ko‘rib chiqib, shu yerning o‘zida yechimi bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi.