Past Darg‘omdagi maktablar nega isitilmayapti?
Viloyat hokimining farmoyishi bilan Samarqandda ijtimoiy soha ob’yektlari hamda turarjoy binolarini isitish mavsumi joriy yilning 10 noyabridan boshlangan. Ammo ayrim hududlarda haligacha kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik to‘liq yakunlanmagan yoki ishlar nomigagina bajarilgan.
Past Darg‘om tumanidagi maktablar va sport ob’yektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishib, bunga amin bo‘ldik.
Yaqinda viloyat hokimi ta’lim sohasi mutasaddilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash holatini tanqid qilib, Nuroboddagi 19 ta, Past Darg‘omdagi 10 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 5 ta ta’lim muassasasini qishga tayyorlash va ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmaganini ta’kidlagan edi.
Past Darg‘om tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, tumandagi 128 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining to‘rttasi gaz bilan, 124 tasi ko‘mir bilan isitilmoqda. Mavsum oldidan maktablarning issiqlik tizimi o‘rganilib, 4239 tonna ko‘mir tarqatilgan. Ehtiyojga qarab yana qo‘shimcha ko‘mir berilishi ham rejalashtirilgan.
Bu ma’lumotlardan tumandagi maktablarda isitish tizimi bo‘yicha muammo yo‘qdek. Ammo...
Tumanning Samarqand mahallasida joylashgan 21-umumta’lim maktabida 2 ming nafardan ziyod o‘quvchi o‘qiydi. Muassasadagi 16 ta qozon gaz bilan isitishga mo‘ljallangan bo‘lib, 60 tonna ko‘mir berilgan.
- Issiqlik tizimi gazlashgan maktabni ko‘mir bilan isitish uchun qozonlar almashtirilmadi, - deydi maktabda vaqtinchalik direktor vazifasini bajaruvchi M.Oymatov. – Tizimdagi nosozlik bartaraf etilgunga qadar maktabni gaz bilan isitishga ruxsat berilgan edi. Ammo maktab gaz bilan ham, ko‘mir bilan ham isitilmayapti va darslar sovuq xonalarda o‘tilmoqda. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining gazdan qarzi borligi sababli maktabda gaz uzib qo‘yilgan va isitishga ham ruxsat berilmagan.
Tumanning Po‘latchi mahallasidagi 28-IDUMda 550 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Muassasa gaz bilan isitishga mo‘ljallangan, ammo bosim pastligi sababli o‘quv xonalari haminqadar isitilyapti. Sport zalining issiqlik tizimi to‘liq ishdan chiqqan. Buning ustiga maktabda sport jihozlari yetishmaydi, bor-yo‘g‘i uchta sport turidan to‘garak o‘tilmoqda.
Ushbu mahallada joylashgan 125-umumta’lim maktabi ham isitilmayapti.
- Maktabimiz 2022 yilda foydalanishga topshirilgan, - deydi maktab direktori Surayyo Ahmedova. – Hozirda 1170 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktabimiz gazlashgan edi, joriy yil ko‘mir bilan isitilishi aytilib, gaz o‘chirildi va 40 tonna ko‘mir berildi. Lekin isitish tizimi ko‘mirga moslashmaganligi uchun xonalarga issiqlik yetkazib bo‘lmayapti.
Tumanda 397 ta sport inshooti bor. Shundan ikkitasi sport maktabi bo‘lib, 2270 nafar o‘g‘il-qiz mashg‘ulotlarda qatnashadi. Terma jamoaning asosiy tarkibida 18 nafar, zaxirada 36 nafar sportchi bo‘lib, musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston chempionatida 123 ta, jahon chempionati va xalqaro musobaqalarda 9 oltin, 4 ta kumush, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
- Muassasamizga qarashli uchta sport bazasi bor, - deydi tumandagi 1-son sport maktabi direktori Sohib Mamasoliyev. – Ularni isitish uchun joriy yil 30 tonna ko‘mir berildi. Inshootlarning ikkitasi ta’mirtalab. 2014 yil Bo‘ston mahallasida qurilgan suv havzasida suvning o‘zi yo‘q va isitish tizimi umuman ishlamaydi. Ushbu suv havzasi 2021 yilgacha gaz bilan isitilgan va 331 million so‘mdan ziyod qarzdorlik borligi uchun uzib qo‘yilgan. Ayni paytda bazani isitish uchun ko‘mirga moslab ta’mirlash kerak. Shuningdek, Olmazor mahallasida joylashgan sport bazasi ham to‘liq ta’mirga muhtoj. Inshootlarni va issiqlik tizimini ta’mirlash bo‘yicha joriy yil viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi hamda tuman hokimligiga murojaat qildik va dasturga kiritish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Tumanning Olti qahramon mahallasida joylashgan 2-son sport maktabi 2018 yilda qurilgan bo‘lib, universal sport zaliga ega va barcha sharoit yaratilgan. Sport maktabi direktori Farrux Xayriddinovning aytishicha, mahallada “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” tizimi asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari doirasida vorkaut sport maydonchasi foydalanishga topshirilgan. Muassasa hududi obodonlashtirilib, 200 dan ziyod mevali va manzaralari daraxat ko‘chatlari o‘tqazilgan.
Joriy yildan ta’lim muassasalarida issiqlik tizimini yaxshilash maqsadida isitish qozonxonalarini gazdan ko‘mirga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Ammo gazlashgan maktablarning qozonxonalarini ko‘mir bilan isitishga moslashtirilmasdan maktablarga ko‘mir tarqatilgan va gaz uzib qo‘yilgan. Oqibatda maktablarni isitib bo‘lmayapti va o‘quvchi hamda o‘qituvchilar sovuq xonalarda o‘tirishga majbur bo‘lmoqda. Gazdan ko‘mirga o‘tkazilgan maktablarga tarqatilgan tonnalab ko‘mir hali ochilgani ham yo‘q. Mas’ullar buni qanday izohlaydi?
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.