Binoni isitish ta’lim muassasasining “boshog‘rig‘i” bo‘lmasligi lozim

Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, maktab yo boshqa ijtimoiy soha tashkilotining qishda yaxshi isitilmasligi uchun ko‘pincha shu muassasa rahbari javob berib keladi. Agar muassasa ko‘mirga moslashgan bo‘lsa, hatto ko‘mir omborining holati uchun ham shu kungacha direktorlar javob berib kelmoqda.

Agar hozirda bir nechta tumanda eksperimentdan o‘tayotgan isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklikka berish bo‘yicha loyiha muvaffaqiyatli yakunlansa va bu tizim ommalashsa, maktab, bog‘cha, shifoxona, ijtimoiy sohadagi tashkilotlar rahbarlari isitish bo‘yicha savollar qarshisida qolmasligi mumkin.

Xo‘sh, sinovdan o‘tayotgan yangi tizim qanday ishlaydi? Bu loyiha 2023 yil 10 apreldagi “Ijtimoiy soha ob’yektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida ishlab chiqilgan.

Shu asosda viloyatlarda bir qator tumanlardagi ijtimoiy soha ob’yektlarining isitish tizimlari davlat-xususiy sherikliklik asosida tadbirkorlarga berilgan. Ya’ni, isitish — tadbirkor zimmasida.

Bunda davlat hisobidan: investitsiya summaning 50 foizini qoplab berish, 10 yil muddatda ekspluatatsiya xarajatlarini byudjet hisobidan ajratib borish, investorga har yili xarajatlar tannarxiga nisbatan 10 foiz miqdorida sof foyda to‘lovlarini to‘lab berish amalga oshiladi.

Investor, ya’ni xususiy sherik esa investitsiya summaning 50 foizini o‘z mablag‘i hisobidan jalb etish, ijtimoiy muassasalari uchun zarur issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda talab etiladigan ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasini yaratish va ta’minlash, 10 yil muddatda DXSh to‘g‘risidagi bitimga muvofiq isitish tizimini ekspluatatsiya qilish va boshqaruvni amalga oshirish,  muddatidan oldin yaroqsiz holatga kelgan isitish qozonlarini 100 foiz o‘z mablag‘lari hisobidan yangilash va ta’mirlashni o‘z bo‘yniga oladi. Eng asosiysi, 10 yil muddatda ijtimoiy soha ob’yektlari binolarini qish mavsumida +(20-23) daraja issiqlik bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, investor ko‘mir va elektr energiyasi xarajatlarini kamida 20 foizga kamaytirish, mavjud qozonlarni zamonaviy energiya tejamkor qozonlarga almashtirish, issiqlik energiyasining yo‘qotishlarini kamida 30 foizga kamaytirishni zimmasiga oladi.

Bitimga ko‘ra, investorning qayerdan yoki qancha pulga ko‘mir olishi, qaysi kompaniya texnologiyalaridan foydalanishi kabi ishlarga davlat aralashmaydi, muhimi, issiqlik bo‘lsin.

 Ana shu talablar asosida Samarqandda 2023 yilda 3 ta - Samarqand, Ishtixon va Narpay tumanidagi jami 402 ta ijtimoiy soha ob’yekti  isitish tizimini DXShga o‘tkazish belgilangan edi.

Shundan, bitimga asosan modernizatsiya xarajatlari 72 mlrd. so‘mni tashkil qilib, 50 foizi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, qolgan 50 foizi xususiy sherik tomonidan ajratilishi va ekspluatatsiya xarajatlari uchun 17,1 milliard so‘m mablag‘ to‘liq davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Dastlab, yangi tizimda ayrim tumanlarda bir qator muammolar ko‘zga tashlandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu loyihani moliyalashtirishdagi kechikishlar sabab yuzaga kelgan. Keyinchalik esa tizim ishga tushgach, eksperiment hududlarida haqiqatan ham endi isitish bilan bog‘liq muammolardan ijtimoiy muassasalar xodimlari qutula boshladi. Holatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun viloyat moliya boshqarmasi taklifi bilan Samarqand tumanida bo‘ldik.

Tumanda 54 ta maktab, 43 ta bog‘cha, 15 ta sog‘liqni saqlash, 5 ta madaniyat va sport muassasalari DXSh asosida yangi tizimga o‘tgan.  

Tumandagi 34-poliklinikada bo‘lib, muassasa rahbari Salim Xudoynazarovning fikrini eshitdik:

-  Ilk marta shu yildan boshlab, issiqlik bilan men shug‘ullanmayman, bu bo‘yicha javobgarlik to‘liq investor zimmasida, - deydi S.Xudoynazarov. – Oldingi vaqtlar qish kelaversa, ko‘mirga joy tayyorla, olib kel, qoidalarga mos saqla, qozonxonaga qara... xullas tashvishi ko‘p edi. Endi esa to‘liq o‘z ishimni qilaman. Bu yil albatta, o‘tgan yilgidek 20 kunlab anomal sovuq bo‘lmadi, hozircha tizimni ko‘kka ko‘tarmaslik kerakdir. Faqat shuni aytishim mumkinki, bu qishda bizda isitish muammosi yuzaga kelmadi. Har doim xonalar me’yor bo‘yicha issiqlik bilan ta’minlanyapti.

Shuningdek, tumandagi 52-maktabda ham bo‘ldik. Bu yerda ham hozircha isitish bilan bog‘liq muammo yo‘q. Bir qator bolalar bog‘chalarini kuzatib ham shunga guvoh bo‘ldik.

Odatda kuz-qish mavsumida har bitta ijtimoiy soha ob’yektiga 60-70 tonnagacha ko‘mir ajratiladi. Aytaylik, biz borgan 34-sonoilaviy poliklinika o‘tgan yil 70 tonna ko‘mir olgan. Xonalar hajmiga qarab, maktab va bog‘chalarda ham shu atrofda ko‘mir sarflanadi. Yangi tizimga o‘tgach, ko‘mir sarfi ancha kamayadigan ko‘rinadi. Bu bo‘yicha investorlar atroflicha tushuntirib o‘tdi.  Samarqand tumanida uchta korxona davlat-xususiy sheriklikka tanlab olingan. Ulardan biri – “Badal qurilish mahsulot savdo” MChJ rahbari Zarshed Adashev shunday deydi:

- Ko‘rib turganingizdek isitish tizimi texnologiyalarini Turkiyadan olib kelganmiz. Chunki ancha ilg‘or sanalgan bu texnologiyalar bilan qozonxonalarimizda oyida o‘rtacha 1 tonna ko‘mir sarflanadi. Xonalar issiqligi me’yordan oshib boshlasa, avtomatik ravishda issiqlik yuborishni to‘xtatadi va “ekonom rejim”ga o‘tadi. Harorat me’yordan pasaygach, yana o‘zi ishga tushib, issiqlik ishlab chiqarish va uzatishni boshlaydi. 

Iqtisodda o‘zgarmas oltin qoida bor: ikki tomonlama manfaat oldinga harakatni yuzaga keltiradi. Bu yerda ham aslida mo‘’jiza yo‘q, hammasi oddiy, tadbirkor muassasalarni isitadi va pulini oladi. Fikrimizcha, asta-sekin boshqa hududlarda ham shu tizimga o‘tish kerak.

Anvar Mustafoqulov.