Viloyat tibbiyotida yangilanishlar: 670 ta yangiklinika, zamonaviy amaliyotlar, elektron tizimlar
Sog‘liqni saqlash tizimi keyingi yillarda, qisqa fursatda katta bir dovonni bosib o‘tdi. Bu shunday dovonki, uni sohaning juda ko‘p mutaxassislari uzoq yillar intiq kutgan, davolanishdagi samaradorlik ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga umid qilgan, davlatning mukammal islohotiga muhtoj bo‘lgan.
Aynan shunday islohot tizimni to‘laligicha qamrab olgan holda amalga oshirildi va o‘z natijalarini berdi. Avvalo, ajratilayotgan byudjet mablag‘larining ko‘paytirilgani, xususiy sektorga keng yo‘l ochilayotgani tufayli sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Xizmatlar tarmog‘i kengayib, sog‘lom raqobat muhiti shakllandi, sifat va samaradorlik oshmoqda. Diagnostika va davolash amaliyotiga ilg‘or zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.
Bir kunda 4200 ta chaqiriq
Bugun barcha ijtimoiy xizmatlar qatori tibbiyotni ham xalqimizga yanada yaqin qilish uchun malakali davolash va profilaktika tizimini xonadonlargacha olib kirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu maqsadda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyati yangilanmoqda. Ushbu bo‘g‘inda birinchi navbatda kasalliklarning oldini oladigan, ularni keltirib chiqaradigan sabablarga qarshi kurashadigan mexanizmlarni joriy etish boshlangani ham shundan dalolatdir.
Aholining ehtiyojmand qatlamlariga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay, manzilli va aniq maqsad asosida ta’minlash bo‘yicha yangicha tajriba qo‘llanilmoqda. Tizimda “Elektron poliklinika”, “Elektron retsept” dasturlari joriy etilmoqda. Buning uchun patronaj xodimlar xalqaro standartlar asosida o‘qitilmoqda.
Tez tibbiy yordam tizimi avtomatlashtirilgan elektron boshqaruvga o‘tkazilib, xorijda ishlab chiqarilgan maxsus zamonaviy avtomobillar bilan ta’minlandi.

Bugungi kunda viloyatimizning 4 million 260 ming aholisiga 323 ta tez tibbiy yordam brigadasi xizmat ko‘rsatmoqda. Bir sutkada o‘rtacha 3500–4200 ta chaqiriq qabul qilinib, yillik chaqiriqlar soni 1,3 millionga yaqinlashmoqda. Brigadalar bosqichma-bosqich zamonaviy reanimobillar bilan ta’minlanmoqda. Barcha chaqiriqlar yagona elektron Call-markaz orqali qabul qilinib, brigadalar planshetlar bilan ta’minlangan. Qog‘ozbozlik tugatilib, avtomatlashtirilgan tizim joriy qilindi. Shuningdek, Call-markazda maxsus navbatchi vrach va psixologlar tomonidan telefon orqali bemorlarga maslahatlar beriladi.
Filial qoshida o‘quv simulyasion markaz tashkil etilib, amaliy mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Xorijga yoki poytaxtga davolanish uchun boradiganlar ikki baravar kamaydi
Bugun ixtisoslashgan tibbiy xizmat samaradorligi tobora ortib bormoqda. Ilgari Toshkentdagi tibbiyot markazlarida amalga oshirilgan 320 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar o‘tgan yil viloyatda 3400 nafar bemorda bajarildi.
Birgina misol, viloyat aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida “Mobil angiograf” tekshiruvlari yo‘lga qo‘yilishi natijasida hududlarda 6677 nafar fuqaro koronarografiya tekshiruvidan o‘tkazildi, kasallik aniqlangan 754 nafar bemorda toj arteriyalarni stentlash va 300 nafarida yurakda ochiq operatsiyalar mahalliy byudjet va davlat sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘tkazildi.
Viloyat darajasida 3 nafar bemorda autologik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi, 23 nafar bemorda jigar transplantatsiyasi va 125 nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bungacha bu bemorlar chet ellarda yoki poytaxtda navbat kutib, qiynalib operatsiya qildirar edi.
Yana bir yangilik: viloyatda qariyb 1,5 milliard so‘mga elektron mikroskop xarid qilinib, 35 nafar bemorning eshitish qobiliyati tiklandi va nogironlikdan chiqarildi. Yana ko‘plab bemorlar tez orada eshitishdagi nuqsondan forig‘ bo‘ladi.
Ikki yilda 670 ta yangi klinika
Bugun sohada yangi-yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali muassasalarning ham moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Viloyatimizda so‘nggi ikki yilda 670 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etilib, 80 turdagi yangi xizmat turlari joriy etildi.
Qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan do‘stona munosabatlar natijasida xususiy tibbiy markazlar tomonidan 8 ming nafar xorijlik fuqaroga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilib, bu boradagi xizmatlar eksporti 1 million dollarni tashkil etdi. Davlat muassasalari tomonidan 6 mingdan ziyod chet ellik bizning klinikalarimizda davolanib chiqdi va 11 milliard so‘m mablag‘ tushumi amalga oshirildi.
Hali oldinda...
Bugun tizimda amalga oshirilishi kutilayotgan juda katta loyihalarimiz bor. Jumladan, 120 nafar shifokor chet elda o‘qitilishi, 10 turdagi yangi yuqori texnologik amaliyotlar o‘zimizda joriy qilinishi rejalashtirilgan. O‘ndan ortiq turdagi yangi diagnostika va davolash usullari yo‘lga qo‘yiladi.
Tumanlarda joylashgan 21 ta oilaviy shifokorlik punkti va 7 ta oilaviy poliklinikalar ta’mirdan chiqariladi. Yaponiya va turkiyalik investorlar ishtirokida viloyatda 800 o‘rinli zamonaviy shifoxona barpo etiladi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “Insultologiya” markazi tashkil etish maqsadida angiograf moslamasi o‘rnatiladi. “STD Helthmed” klinikasida esa robototexnologiya asosida jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish kutilmoqda.
Albatta, barchamizning birgalikdagi mehnatimiz mahsuli bo‘lgan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Yaqinda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etishga oid qaror imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, tizim doirasidagi bepul tibbiy xizmatlar va dori-darmon xarajatlari davlat byudjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan qoplanishi belgilandi.
Suhrob Zayniyev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.