Axborot texnologiyalari jinoyat quroli bo‘lishi mumkin(mi?)
Bugungi kunda axborot texnologiyalari inson hayotining ajralmas qismiga aylangan. Internet, onlayn to‘lov tizimlari, raqamli xizmatlar va mobil ilova orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar kundalik ehtiyojga aylandi.
Biroq axborot texnologiyalarining tez sur’atlarda rivojlanishi bilan birga, ulardan noqonuniy foydalanish holatlari ham ortib bormoqda.
Viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilayotganiga qaramay, kiberjinoyatchilik holatlari kun sayin ko‘paymoqda. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning shu davrigacha sodir etilgan jinoyatlarning qariyb yarmi — ya’ni 46 foizi kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu ko‘rsatkich nafaqat raqamli xavfsizlik darajasining pastligini, balki aholining axborot madaniyati yetarlicha shakllanmaganini ham ko‘rsatadi. Oqibatda ushbu kiberjinoyatlarning qariyb 98 foizi fuqarolarning bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritish bilan yakunlangan.
Kiberjinoyatchilikning amalga oshirilish shakllari ham ko‘payib bormoqda. Tahlillar mazkur turdagi jinoyatlarning 2022 tasi soxta havola, zararli dastur orqali karta yoki qurilma boshqaruvini qo‘lga kiritish, 1400 tasi xizmat yoki tovarga oldindan to‘lov talab qilish, 90 tasi telefon orqali bank xodimi nomidan qo‘ng‘iroq qilish (IP (telefoniya)), 285 tasi soxta “onlayn birja”da pul ko‘paytirishga va 282 tasi turli sohalarga investitsiya kiritishga taklif oqibatida kelib chiqqanligini ko‘rsatmoqda. Tashvishlisi, fuqarolar 32 holatda merosni olish, pul yuborishni va’da qilish yoki xayriyalarga pul so‘rash shaklidagi ko‘p marotaba ogohlantirilgan firibgarlik tuzoqlariga ham tushganligidir.
Raqamlardan bilish mumkinki, hozirgi kunda firibgarlar ko‘pincha soxta havolalar va zararli dasturlar orqali fuqarolarning bank kartalari yoki qurilmalari ustidan nazoratni qo‘lga kiritish orqali jinoyat sodir etmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli tovar va xizmatlar uchun oldindan to‘lov olib, keyin esa ularni yetkazib bermaslik holatlari ham keng tarqalgan. Telefon orqali bank xodimi nomidan murojaat qilib, shaxsiy ma’lumotlar va moliyaviy ma’lumotlarni so‘rab olish yo‘li bilan amalga oshiriladigan firibgarlik usuli ancha faol qo‘llanilmoqda.
Shuningdek, onlayn kredit olib berishni va’da qilib, oldindan to‘lov talab qilish yoki shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish holatlari ham keng tarqalmoqda. Bu kiberjinoyatchilikning yangi va murakkab shakllari rivojlanib borayotganligini ko‘rsatadi.
Kiberjinoyatchilikning ortib borishi bugungi kunda jamiyat xavfsizligi uchun jiddiy tahdidga aylanmoqda. Bu holat nafaqat texnik omillar, balki ijtimoiy va psixologik sabablar bilan ham uzviy bog‘liq. Ko‘plab fuqarolar internetda shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish madaniyatiga ega emas. Shu bois, ular o‘z ma’lumotlarini noqonuniy maqsadlarda foydalanuvchi shaxslarga ongsiz ravishda taqdim etish holatlari tez-tez uchrab turibdi.
Shu bilan birga, ayrim tijorat banklari va onlayn to‘lov tizimlarida zamonaviy kiberhimoya usullarining joriy etilmagani, mijozlarning ma’lumotlari ishonchli himoya qilinmasligi firibgarlik holatlariga imkoniyat yaratayotganini ko‘rsatadi. Nazorat va javobgarlik mexanizmlarining jinoyat sodir etilgandan keyingina ishga tushishi ham shular jumlasidan.
Aytish joizki, bunday jinoyatlarning oqibati faqat iqtisodiy yo‘qotish bilan cheklanib qolmaydi. Fuqarolarning shaxsiy mablag‘larini yo‘qotishi, kichik biznes sub’yektlarining mablag‘lari o‘g‘irlanishi iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bank tizimi va raqamli xizmatlarga bo‘lgan ishonchning pasayishi raqamli iqtisodiyot rivojiga to‘sqinlik qiladi.
Kiberjinoyatchilikning yana bir xavfli jihati — uning tur va shakllari soat sayin takomillashib, ma’lum jamiyat va xalqqa moslashtirilayotganidir. U endi faqat pul yoki ma’lumot o‘g‘irlamaydi, balki shaxsiy hayotga aralashish, yolg‘on axborot tarqatish, ijtimoiy fikrni manipulyasiya qilish kabi ma’naviy tahdidlarni ham o‘z ichiga oladi.
Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun tizimli yondashuv zarur. Birinchi navbatda, aholi o‘rtasida raqamli xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish kerak. Internetdan xavfsiz foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalari ommaviy axborot vositalari va ta’lim muassasalari orqali keng targ‘ib qilinishi lozim. Ikkinchidan, banklar va moliya muassasalari xavfsizlik protokollarini kuchaytirishi, zamonaviy shifrlash tizimlarini joriy etishi kerak. Shuningdek, kiberjinoyatlarga oid qonunchilikni takomillashtirish, onlayn firibgarlik uchun jazo choralarini kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash faqat davlat organlarining vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir. Har bir fuqaro o‘z raqamli xavfsizligi uchun mas’ul ekanini anglab, axborot texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini shakllantirishi zarur. Faqat shundagina axborot texnologiyalari jinoyat quroli emas, balki jamiyat taraqqiyotining asosiy vositasiga aylanadi.
Elyor Ulug‘murodov,
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.