7 yilda barpo etilgan 632 metrlik mo‘’jiza
Siz ko‘rib turgan tasvirlardagi imorat Xitoydagi eng baland bino bo‘lib, u Shanxay minorasi deb ataladi.
Uning balandligi rekord darajadagi 632 metrni tashkil etadi.
Bir paytlar g‘arb ekspertlari xitoyliklar bunday ulkan osmono‘par binolarni hatto 500 yilda ham qura olmaydi, deya ta’kidlashgan ekan. Ammo xitoy quruvchi-muhandislari bu da’volarni amalda rad etib, binoni "nol"dan barpo qilish uchun atigi 7 yil sarflashdi.
Bugungi kunda ushbu inshoot spiral shaklida o‘ralgan 127 qavatdan iborat. Binoning 118-qavatida dunyodagi eng baland kuzatuv maydonchalaridan biri joylashgan. U yerdan turib pastga qarasangiz, bu manzara sizda beqiyos taassurot qoldiradi. Biroq balandlikdan qo‘rquvchilar uchun bu joy tavsiya etilmaydi, chunki maydonchaning poli to‘liq shishadan ishlangan.
Shanxay minorasida o‘ta tezkor lift o‘rnatilgan bo‘lib, u sizni bor-yo‘g‘i 55 soniya ichida eng yuqori qavatga olib chiqadi. Binoning ichi esa haqiqiy “osmondagi shahar”ni eslatadi — unda 1000 dan ortiq turli hududlar mavjud. Jumladan, bu yerda dunyodagi eng baland mehmonxona joylashgan bo‘lib, u 83-dan 105-qavatgacha bo‘lgan xonalarni egallaydi.
Ushbu betakror loyiha Xitoy xalqi uchun mumkin bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q ekanini yana bir bor yaqqol isbotlaydi.
Munisa Shamsiyeva tayyorladi.