Samarqand insoniyat tamadduni chorrahasida: YuNESKOning yangi tarix sahifasi ochildi

Bugun dunyo hamjamiyati nigohi qadim va navqiron, insoniyat tamadduni beshiklaridan bo‘lmish muazzam Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan yirik anjuman jarayonlariga qaratilgan.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning tashabbuslari bilan global darajada, dunyo yetakchilari, siyosatchilari muhim msaalalar muhokamasiga yig‘iladigan lokatsiyaga aylanib ulgurgan Samarqand – ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) deb nomlangan dunyodagi eng yirik xalqaro tashkilotning fan, ta’lim, madaniyat, madaniy me’ros, turizm tashkiloti - YuNESKOning 43-Bosh Konferensiyasiga mezbonlik qilmoqda.

YuNESKO bilan O‘zbekiston Respublikasining keng va har tomonlama hamkorligi davlatimiz rahbarining olib borayotgan ochiqlik, shaffoflik, o‘zaro ishonch va samarali hamkorlikka asoslangan samarali tashqi siyosati natijasida mamlakatimiz nufuzi, hamkorlik imkoniyatlari tobora kengayishiga asos bo‘lmoqda. Va albatta, BMT va YuNESKO Markaziy Osiyoning yirik davlati hisoblangan, yer yuzining Sharqu-G‘arb, Shimol va Janub davlatlari muloqot va hamkorligida muhim o‘rin tutuvchi O‘zbekiston bilan o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligi keyingi yillarda yanada rivojlanish bosqichiga kirdi.

Hamkorlikning amaliy jihatlariga to‘xtalsak, dunyo tamadduni, ilm-fani, madaniyati va boshqa ko‘plab tarmoq va sohalarda O‘zbekistonning  o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganini ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizning YuNESKO bilan hamkorligi natijasida dunyo miqyosida dunyo ilm-fani hamda taraqqiyotiga o‘zlarining bebaho hissalarini qo‘shgan ulug‘ alloma va donishmand bobolarimizning – 1973 yilda Abu Rayhon Beruniy va 1980 yilda Abu Ali ibn Sino tavalludining  ming yilliklari, 1994 yilda Mirzo Ulug‘bek  tavalludining 600 yillik, 1996 yilda Amir Temur hazratlarining 660 yillik tantanalari keng nishonlangan bo‘lsa, qadimiy va navqiron shaharlarimizdan – 1997 yilda Xiva, 1997 yilda Buxoro va 2002 yilda Termiz  shahrining  shonli 2500 yilligi, 2000 yilda Toshkent shahrining 2000 yillik, 2002 yilda Shahrisabzning 2700 yilligi munosabati bilan maxsus dasturlar doirasida yirik tadbirlar uyushtirilgan. Jahonda o‘z nomi va tarixdagi ulkan o‘rni bilan tanilgan ushbu muazzam kentlarimiz, xalqimiz bunyodkorligi va ijodkorligi namunasi bo‘lgan go‘zal va durdona obidalarimiz “Jahonning madaniy merosi” ro‘yxatiga kiritilganligi, boy tarixiy madaniyatimiz va merosimizning ahamiyatidan dalolatdir.

Dunyoviy va shu bilan birga islom ilmida ulkan ilmiy meros qoldirgan Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband kabi qator siymolarning yirik tavallud sanalari, 1999 yilda “Alpomish” xalq dostoni yaratilganligining 1000 yilligi, 2001 yilda Avesto kitobi yaratilganligining 2700 yilligi O‘zbekistonda YuNESKO shafeligida keng nishonlangan. 1996 yil YuNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Amir Temur haftaligi o‘tkazilib, «Temuriylar davrida fan, madaniyat va maorifning gullab yashnashi» mavzuida ilmiy konferensiya va ko‘rgazma tashkil etilgan. Navro‘z, Shoshmaqom, Ko‘pkari, Osh tayyorlash an’anasi singari nomoddiy meroslar ham YuNESKO reprezentativ ro‘yxatidan munosib o‘rin egallagan

Shuningdek, aynan YuNESKO ko‘magida mamlakatimizda "Sharq taronalari", baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, “Maqom san’ati” anjumani kabi xalq ijodiyoti va san’atining nodir yo‘nalishlarida qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.

Prezidentimizning mazkur nufuzli tashkilot bilan hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tiborlari samarasi natijasida 2017-2023 yillarda milliy madaniy merosimizning 14 ta noyob namunasi YuNESKOning ro‘yxatlaridan joy olib, insoniyat merosi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etilganligini alohida qayd etish joiz. Buxoro shahri Ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritilganligi, 2023 yil sentyabr oyida YuNESKO Bosh qarorgohida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi keng nishonlangan bo‘lsa, O‘zbekiston madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zolikka qabul qilinganligi bu borada yurtimizda madaniy meros ob’yektlarini saqlashga qaratilayotgan e’tibor natijasi sifatida qabul qilish mumkin.

O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida YuNESKO kafedralari tarmog‘i kengaymoqda,  "Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish", "Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi", "Madaniyat turizmi" kabi kafedralar faoliyat boshladi. 2024 yildan mamlakatimizda ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 yangi loyiha amalga oshirila boshlandi. Turon cho‘li va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’anasi, “Buxoro amiri devonxonasi arxivi”, “Turkiston albomi”, “Xudoybergan Devonov fotoalbomi” YuNESKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritilib, hamkorlik ko‘lami yanada kengaydi.

Ayni kunlarda Samarqandda o‘tkazilayotgan konferensiya tafsilotlarini matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali barchamiz katta qiziqish bilan kuzatib boryapmiz.

Ushbu yirik xalqaro tadbirning tantanali ochilish tadbirida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Prezidentimiz nutqida dastlab “Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor, - deya qayd etdi. - Bu qadimiy kent azaldan bashariyatning buyuk kashfiyotlari beshigi, ilm-fan, adabiyot va madaniyat gullab-yashnagan maskan bo‘lgan. Birgina misol. Ulug‘ hukmdor va alloma Mirzo Ulug‘bek barpo etgan rasadxona gumbazlari ostida noyob yulduzlar jadvali yaratilgan. Bu jadval keyinchalik Kopernik va Kepler kabi mashhur olimlarning ilmiy kashfiyotlari ochilishiga xizmat qilgani tarixdan yaxshi ma’lum. Uch ming yillik shonli o‘tmishga ega, Buyuk ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan, millat va elatlarning tinchlik va do‘stlik makoni – muazzam Samarqandga xush kelibsizlar!”, deya tadbir ishtirokchilari va mehmonlarini qutlab, anjumanning Samarqandda o‘tkazilishi mohiyati va ahamiyatini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, "Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda gumanitar sohada global konsensus va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarining zaiflashayotgani, albatta, barchamizda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolar ta’sirida sayyoramizdagi noyob yodgorliklar, muqaddas qadamjolar va bebaho madaniy meros katta ziyon ko‘rmoqda.

Davlatlar o‘rtasida bilim va texnologiyalar, raqamli resurslardan foydalanish bo‘yicha tafovut ortib bormoqda. Buning natijasida imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik kuchaymoqda. Bunday murakkab vaziyat YuNESKOning asosiy vazifalarini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni har qachongidan ham ko‘proq birlashtirishni taqozo etmoqda.

Biz YuNESKOning olijanob va ezgu maqsadlariga qat’iy sodiq ekanimizni yana bir bor ta’kidlaymiz. O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni bo‘lishga hamisha tayyorligini qayd etdi.

Sh.Mirziyoyev ushbu nufuzli anjuman minbaridan 5 ta muhim tashabbus va qator takliflarni ilgari surdi.

Birinchidan, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llashning dolzarbligini, jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qat’i nazar, har bir bolaga ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlarni yaratib berish juda muhimligini, bu borada YuNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish maqsadga muvofiqligini, ta’lim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish, sun’iy intellektni ta’lim tizimiga keng joriy etish maqsadida yurtimizda YuNESKO ishtirokida “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirishni,  YuNESKO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazishni taklif etdi.

Ikkinchidan, noyob meros ob’yektlari bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlarni saqlash, ularning barcha uchun ochiqligini ta’minlash maqsadida yaratilgan YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishni, dunyo ma’naviy xazinasini jamlagan ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19 noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni”, deb e’lon qilishni, shuningdek, YuNESKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etishni,  YuNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining a’zosi hisoblanadigan qadimiy Buxoro shahrida hunarmandchilik bo‘yicha 2027 yili mazkur yo‘nalishda xalqaro kongressni qabul qilishni taklif etdi.

Uchinchidan, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash uchun global dasturlarni faol ishga tushirish, bu borada a’zo davlatlarning eng ilg‘or tajriba va amaliyotini o‘rganish, bilimlar almashish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YuNESKO akademiyasini tashkil etish, shuningdek, Samarqandda barcha qit’alarning mashhur tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazishni taklif etdi.

To‘rtinchidan, “...iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish muhimligiga to‘xtalib, o‘rtacha haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, cho‘llanish, tuproq qatlamlari yemirilishi, urbanizatsiya jarayonlari madaniy meros ob’yektlarining holatiga jiddiy ta’sir o‘tkazayotgani, atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “YuNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari surdi. Bundan tashqari, YuNESKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyormiz”, deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Beshinchidan, virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish jiddiy zaruratga aylanayotganini qayd etib, raqamli transformatsiya muhitida dunyoqarashi shakllanayotgan yosh avlodning eng yaxshi ijodiy ishlari, multimedia g‘oyalarini o‘zaro almashish uchun Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusini bildirdi.

Ma’lumotlarni tahliliy idrok etish, yoshlarni manipulyasiyadan himoya qilish, axborot shaffofligini ta’minlash maqsadida YuNESKOning Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.

YuNESKOning Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan 43-sessiyasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Ular orasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida madaniy tadbirlar, ekskursiyalar va qabullar tashkil etilishi, mazkur xalqaro anjmuanning ahamiyati haqida media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratilishi, “Samarqand — jahon tamaddunlari chorrahasida” kitob-albomni o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida chop etish, pochta markalari va konvertlar turkumini yaratish, taqvimlar va ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, esdalik tangalari, kumush va oltin tangalarning muomalaga chiqarilishi kutilmoqda.

Ilhom Botirov,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi v.v.b., xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.