Tabiatga qarshi urush: portlashlar va yong‘inlar

Bir necha kun avval Tuapsedagi neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujumlardan so‘ng vaziyat ekologik falokatga aylandi. Yong‘in 3-4 kun davom etdi, shaharda odamlar nafas olish qiyinlashganidan shikoyat qilishmoqda. Bugun esa Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri — «Lukoyl» infratuzilmasiga Ukraina zarbasi berilganini va katta yong‘in haqida ma’lumot tarqaldi.

Bu holat global vaziyatning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda, xolos. Bugungi kunda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush, Yaqin Sharqdagi keskinlik, havo zarbalari va portlashlar ortidan neft va yoqilg‘i ob’yektlarida yong‘inlar avj oldi.

Neft yonishi, boshqa yong‘in va portlashlar atrof-muhitga mislsiz ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘p miqdordagi zaharli moddalar ajralib chiqadi, ekotizim vayron bo‘ladi va biosferaga uzoq muddatli zarar yetkaziladi. Bunday ofatlarning oqibatlari ko‘pincha uzoq davom etadi va tabiiy muvozanatni tiklash uchun o‘nlab yillar talab etiladi.

Shu nuqtai nazardan, global ekologik oqibatlarni tasavvur qilish qiyin emas. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, portlash va yonuvchi moddalar yonishi shusiz ham zaiflashib borayotgan tabiatga dahshatli zarar yetkazadi. Ortidan havo ifloslanishi, suv va tuproq holatining yomonlashuvi, oqibati – Yerdagi barcha tirik jonzotlarga xavf tobora ortadi.

Bugun fuqarolarga chiqindi yoki bargni yoqish taqiqlangan bir paytda dunyoning boshqa bir chekkasida butun boshli hududlar yonmoqda. Bu esa tabiatga munosabatdagi ziddiyat va ekologik muvozanatning vayron bo‘layotganini ko‘rsatadi.

G.Xoldorova tayyorladi.